Jamiyat
Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo hududlarida meva, sabzavot, yong‘oq va rezavor bozori haqida ma’lumotlar beruvchi EastFruit portaliga ko‘ra, O‘zbekistonda issiqxona pomidorlari narxi so‘nggi oyda 50 foizga, yil boshidan beri esa salkam 70 foizga oshdi.
Bozor ishtirokchilarining fikricha, buning asosiy sababi yanvar oyidagi anomal sovuq paytida issiqxonalarda katta hosil boy berilgani hisoblanadi. Qolaversa, ushbu ekinning vegetatsiya davri hisobga olinsa, yaqin orada mazkur turdagi mahsulot narxi sezilarli darajada pasayishi ehtimoli kam.
2023-yil yanvar oyining ikkinchi o‘n kunligida qizil dumaloq issiqxona pomidorining o‘rtacha narxi 1 kg uchun 12 000 so‘mdan 19 000 so‘mga, ya’ni, ikki hafta ichida 27% ga oshdi. Yanvar oyining uchinchi o‘n kunligida sovuqlar asta-sekin chekinib, shu oy oxirida harorat kunduz kuni va kechasi nol darajadan yuqoriga ko‘tarildi. Ushbu mahsulotning ulgurji narxlari yanvar oyining uchinchi o‘n kunligida taxminan 19 000 so‘m/kg darajasida saqlanib turgach, yana o‘sa boshladi.
3-fevraldan 10-martgacha pomidorning o‘rtacha ulgurji narxi bir kilogrammi uchun 18 ming so‘mdan 27 ming so‘mga, ya’ni 50 foizga oshdi.
3-fevraldan 10-martga qadar qizil dumaloq issiqxona pomidorining o‘rtacha ulgurji narxi 1 kg uchun 18 000 dan 27 ming so‘mgacha, ya’ni, 50% ga o‘sdi. Oqibatda 2023-yil boshidan 10 martga qadar ushbu mahsulotning ulgurji narxlari 80 foizga oshdi.
10-mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda qizil dumaloq issiqxona pomidorining o‘rtacha ulgurji narxi o‘tgan yilning shu sanasiga nisbatan 1,5 barobar va 2021-yilning shu sanasiga nisbatan qariyb 2 barobar yuqori bo‘ldi.
Pushti issiqxona pomidorining ulgurji narxlari dinamikasi shunisi bilan farqliki, yanvar oyi va fevral oyining birinchi o‘n kunligida ushbu mahsulot narxi nisbatan barqaror bo‘lgan bo‘lsa-da, so‘nggi bir oyda keskin oshgan. 10-fevraldan 10-martga qadar pushti issiqxona pomidorining o‘rtacha ulgurji narxi 1 kg uchun 20 ming so‘mdan 33 ming so‘mgacha, ya’ni, bir oy ichida 65% ga ko‘tarildi.
10-mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda pushti issiqxona pomidorining o‘rtacha ulgurji narxi o‘tgan yilning shu sanasiga nisbatan 2,8 barobar va 2021-yilning shu sanasiga nisbatan 2,2 barobar yuqori bo‘ldi.
O‘zbekiston meva-sabzavotlarining yirik eksportyorlaridan biri GDF Export kompaniyasi tijorat direktori Husan Haydarovning so‘zlariga ko‘ra, yanvar oyidagi anomal sovuqlar O‘zbekistonda issiqxona pomidori narxining keskin oshishida asosiy katalizator vazifasini o‘tadi.
«Yanvar oyining ikkinchi o‘n kunligida O‘zbekistonda kuzatilgan anomal sovuq havo tufayli ko‘plab issiqxonachilar pomidor hosilini boy berdi. Sovuq paytida ko‘plab issiqxona majmualarida gaz bosimi keskin pasaydi, chunki bu davrda butun mamlakat bo‘ylab tabiiy gaz taqchilligi mavjud edi. Tabiiyki, ushbu issiqxonalarda harorat tushib ketdi, ya’ni harorat pomidor o‘simligi uchun zarur bo‘lgan me’yorlardan sezilarli darajada past bo‘lib, bu ekinning nobud bo‘lishiga olib keldi», — dedi u.
«Bizning taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatda pomidor hosilining boy berilishi o‘rta hisobda 50% dan 70% gachani tashkil etmoqda. Eng ko‘p zarar Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlari hamda Farg‘ona vodiysidagi issiqxonalarda kuzatilgan», — deya tushuntirdi tadbirkor.
Bundan tashqari, bu ekinning vegetatsiya davri 85 dan 140 kungacha davom etadi. Sovuqdan keyingi nisbatan iliq harorat esa yanvar oyi oxiri va fevral oyi boshlariga kelibgina kuzatildi. Shu omillar inobatga olinsa, yaqin kelajakda O‘zbekistonda pomidor narxi, albatta, agar arzonroq narxlarda import bo‘lmasa, sezilarli darajada pasayishi ehtimoli kam, deb tadbirkorning xulosasini keltirdi EastFruit portali.
Qayd etish joizki, issiqxona pomidori O‘zbekiston meva-sabzavot segmentidagi asosiy eksport pozitsiyalaridan biri hisoblanadi. 2022-yilda 57,8 million dollarlik 76,4 ming tonna ushbu mahsulot xorijga eksport qilingan.
Yanvar oyidagi sovuqlar tufayli issiqxona pomidorlari narxining tez ko‘tarilishi, o‘z navbatida, ushbu mahsulotlar eksportining sezilarli darajada pasayishining asosiy sabablaridan biridir. Dastlabki rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston 2023-yilning yanvar oyi boshidan mart oyining birinchi o‘n kunligi oxirigacha 9,2 ming tonna yangi issiqxona pomidorini eksport qilgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 36 foizga kam, deb yozadi portal.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-fevral oylarida pomidor narxi 17,4 foizga oshgan. Mart oyi uchun ma’lumotlar oy oxirigacha taqdim etiladi.
Yanvar oyida Qishloq xo‘jaligi vazirligi ochiq rastalarda saqlanadigan piyozlar muzlab qolganini tasdiqlagan. Narx oshishiga yonilg‘i yetishmasligi sababli yetkazib berishdagi uzilishlar ham ta’sir ko‘rsatgani bildirilgan. Mamlakatda piyoz zaxirasi mavjud va mahsulotni chetga sotish 4 oyga to‘xtatilgan.
Siyosat
Siyosat
Iqtisod
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q