Keraksiz jamgʻarmalar, kengayib ketgan hukumat, boqimandaga aylanayotgan sohalar, birlashtirilishi kerak boʻlgan vazirliklar – iqtisodchidan davlat byudjeti loyihasiga takliflar

Saqlash
22:54 / 17.11.2021 1114 0

Moliya vazirligi tomonidan 2022-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining davlat byudjeti loyihasi eʼlon qilindi. Davlat byudjetini ishlab chiqishda avvalo xarajatlar prognoz qilinadi.

 

Iqtisodiyot fanlari doktori, professor Samariddin ELMIRZAYEV “Oyina.uz”ga davlat byudjeti xarajatlarini optimallashtirish va manzilliligini taʼminlash borasidagi fikrlarini bildirib oʻtdi.

 

“2022-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi loyiha bilan tanishar ekanmiz, 3-ilovada davlat maqsadli jamgʻarmalari daromadlari va xarajatlariga koʻzimiz tushadi va keyingi yil uchun 23 ta maqsadli jamgʻarmalar amalda faoliyat yuritishiga guvoh boʻlishimiz mumkin. Vaholanki, bunday jamgʻarmalar 2020-yil davlat byudjetida 20 ta, 2021-yil esa 18 ta koʻrsatilgan.

 

Davlat maqsadli jamgʻarmalari tarkibiga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot va aholi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan “El-yurt umidi” jamgʻarmasi, Pensiya jamgʻarmasi kabi tuzilmalarning jamiyatimizdagi roli va ahamiyatiga hech qanday izoh shart emas. Lekin bunday jamgʻarmalarning 23 talab faoliyat yuritishi amalda qanchalik samara berayotgani qator savollarni oʻrtaga tashlaydi. Ularning faoliyati shaffofligi, moliyaviy nazorat qanchalik taʼminlanmoqda? Savollar koʻp.

 

Masalan, birgina Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida uchta jamgʻarma faoliyat yuritmoqda. Ularning har biriga boshqaruv va joriy faoliyat uchun xarajatlar amalga oshirilishi samaradorlikni pasaytirmay qolmaydi. Uchalasini birlashtirgan holda yagona jamgʻarma faoliyatini yoʻlga qoʻyish ham xarajatlarni kamaytirish orqali samaradorlik oʻsishiga xizmat qiladi-ku.

 

Yana bir jamgʻarma – Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligining Vinochilikni rivojlantirish jamgʻarmasi. Birinchidan, sohada sogʻlom raqobat muhiti mavjud. Ikkinchidan, faoliyat oʻta rentabelli. Aynan shunday sharoitda alohida agentligu alohida jamgʻarmaning nima keragi bor, degan savol tugʻilishi tabiiy.

 

“Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasining Baliqchilikni rivojlantirish jamgʻarmasi davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonunda tasdiqlanishi ham tushunarsiz. Chunki uyushmalar nodavlat notijorat tashkilot hisoblanadi. Boshqa tomondan, mazkur sohada sogʻlom raqobat muhiti shakllanib boʻldi. Endi bozor qonuniyatlari asosida bemalol rivojlanishi mumkin. Shu boisdan bunday jamgʻarmalarni tugatish vaqti keldi.

 

Umuman, oʻta muhim oʻntaga yetar-yetmas davlat maqsadli jamgʻarmalarini saqlab qolish, boshqalarining daromadlarini esa markazlashgan byudjetga tushishini taʼminlash va xarajatlarni respublika byudjetidan moliyalashtirish oʻz-oʻzidan xarajatlar samaradorligi va samarali moliyaviy nazoratga xizmat qiladi, deb hisoblaymiz. Bu borada Bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Qoʻchqorov ham “Haqiqatan, bugungi kunda koʻplab davlat tashkilotlarining jamgʻarmalari tashkil qilingan. Aslida butun dunyoda amaliyot shunaqa – bunaqa jamgʻarmalarga tushadigan mablagʻlar byudjetga konsolidatsiya qilinishi kerak. Lekin bizda biroz boshqacha. Ayrim tashkilot rahbarlari “Bu pul meniki, uni istaganimcha ishlataman”, deb notoʻgʻri oʻylashadi. Hozir shu yerda oʻtirgan ayrim hurmatli vazirlarimiz xafa boʻlsa ham aytaman, bunday jamgʻarmalarga tushadigan pullarni ular dalaga chiqib, ketmon chopib topayotgani yoʻq. Ular davlat binosida oʻtiribdi, davlat xizmatini koʻrsatyapti. Toʻgʻri, bu mablagʻlarni tushurish uchun mehnat ham sarflanadi, masalan, jarima undirish uchun jarimani aniqlash va rasmiylashtirish kerak. Lekin baribir bu tushumlar davlatniki”, deya bundan ikki yil oldin taʼkidlab oʻtgan boʻlsa-da, amalda bu masala hamon oʻz yechimini kutmoqda.

 

Qonun loyihasining 5-ilovasiga oʻtar ekanmiz, hukumatning naqadar kengayib ketganiga guvoh boʻlamiz. Ayniqsa, vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar. Birgina qishloq xoʻjaligi boʻyicha ikkita vazirlik va uchta qoʻmita, yaʼni Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi faoliyat yuritmoqda va ularning xarajatlari davlat byudjetidan moliyalashtirilishi belgilangan. Bir-birini takrorlovchi bunday vazirlik va idoralar hukumat tarkibida mavjudligi, bir tomondan, byudjet xarajatlari oshishiga sabab boʻlayotgan boʻlsa, boshqa tomondan, sohalarda funksiyalar takrorlanishiga, oʻzaro oʻxshash yoki zid meʼyoriy hujjatlar qabul qilinishiga, natijada esa byurokratiyaga sabab boʻlmoqda. Shu oʻrinda adliya vaziri Ruslanbek Davletov ham “Hukumat ixcham boʻlishi kerak. Oʻzbekistonga juda katta davlat apparati toʻgʻri kelmaydi. Unga ketadigan xarajatlar juda koʻp. Undan koʻra iqtisodni rivojlantirishga yoʻnaltirishimiz kerak. Qancha davlat organi koʻp boʻlsa, shuncha iqtisodiyot yurib ketishi qiyin boʻladi”, deya taʼkidlagani bejiz emasligini eslash kifoya.

 

Davlat byudjeti xarajatlarini optimallashtirish va kamaytirish nuqtayi nazaridan faoliyat sohalari oʻzaro yaqin vazirlik va idoralarni birlashtirish samaralidir. Masalan, Turizm va sport vazirligiga ajratiladigan mablagʻ tarkibida madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish va tiklash, shuningdek, arxeologik ishlar uchun xarajatlar sifatida 75 milliard soʻm rejalashtirilgan. Bir qarashda Madaniyat vazirligining faoliyat yoʻnalishidek tuyuladi. Qoʻshimcha ravishda har ikkala vazirlik boʻyicha oxirgi xarajatlar yoʻnalishi sifatida obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qoʻyilmalar xarajatlari keltirilgan. Keltirilgan jihatlar asosida Turizm, madaniyat va sport vazirligi faoliyatini yoʻlga qoʻyish ham oʻz-oʻzidan davlat byudjeti xarajatlarining qisqarishiga hamda sohalarning oʻzaro hamohang rivojlanishiga xizmat qiladi.

 

Davlat byudjeti xarajatlaridagi yana bir muhim masala – subsidiyadir. Oxirgi yillarda dotatsiya va subvensiyalash amaliyotlaridan voz kechishga qaratilgan islohotlar ijobiy natija berayotgan bir vaqtda subsidiyalash amaliyotining kengayib borayotgani boshqa tomondan byudjet xarajatlari ortishiga sabab boʻlmoqda. 2022-yilga moʻljallangan davlat byudjeti loyihasi ham bundan mustasno emas. Qayd etish kerakki, subsidiya ajratilayotgan sohada boqimandalik ortib borishi kuzatiladi. Bu esa aksariyat hollarda natijaning ijobiy boʻlishini taʼminlamaydi.

 

Maqolada keltirilgan jihatlar asosida davlat byudjeti xarajatlarini rejalashtirish oldimizga qoʻyilgan natijaga yoʻnaltirilgan byudjetlashtirishga xizmat qiladi deb hisoblaymiz.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//