Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev Termiz shahridagi “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyini borib koʻrdi.
Oʻtgan yili litsey uchun yangi bino barpo etilgan. Bu yerda ijtimoiy va aniq fanlar yoʻnalishlarida 200 dan ortiq oʻquvchi taʼlim-tarbiya olmoqda.
Davlat rahbari shu yerda Vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlarning oila aʼzolari bilan uchrashdi. Videoaloqa orqali tadbirga Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar vakillari ham bogʻlandi.
Maʼlumki, mustaqillikka erishish, tinchlikni saqlash oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Xalqimiz ham koʻp sinovli kunlarni boshidan kechirdi. Osoyishta hayotimizni izdan chiqarishga urinishlar, terrorchilik xurujlari boʻldi. Botir harbiylarimiz jasorat koʻrsatib, gʻarazli kuchlarga qaqshatqich zarba bergan. Ming afsuski, bu kurashda yuzlab mard harbiylarimiz, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari halok boʻlgan.
Uchrashuvda davlatimiz rahbari ularni nomma-nom yodga oldi. Bunday dovyurak farzandlarni dunyoga keltirib, haqiqiy vatanparvar qilib tarbiyalagan ota-onalarga, ularning umr yoʻldoshlari va farzandlariga xalqimiz nomidan chuqur minnatdorchilik bildirdi.
“El-yurt uchun jonini fido qilgan oʻgʻlonlarimizni “halok boʻlgan” deyishga til bormaydi. Ular oilasi uchun, Vatanimiz uchun hamisha barhayot”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qahramon oʻgʻlonlar xotirasini abadiylashtirish, ularning oila aʼzolariga har tomonlama gʻamxoʻrlik koʻrsatish va qoʻllab-quvvatlash davlatimiz, jamiyatimizning eʼtiborida boʻlib kelmoqda. Marhum harbiy xizmatchilar davlatimizning yuksak orden va medallari bilan taqdirlangan. Ularga bagʻishlab “Mard oʻgʻlonlar nomi barhayot” deb nomlangan xotira kitobi nashr etilgan.
Prezident qarori bilan 2018-yildan boshlab, halok boʻlgan harbiy xizmatchilar farzandlarini oliy taʼlim muassasalariga imtiyozli tavsiyanoma asosida oʻqishga qabul qilish yoʻlga qoʻyildi. Hozirgi kunga qadar 278 nafar oʻgʻil-qiz shu asosda oliygohlarga kirgan.
Davlatimiz rahbari harbiy xizmatchilar oilasiga eʼtibor va gʻamxoʻrlik hamisha davom ettirilishini taʼkidladi. Shu maqsadda bugun “Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident farmoni qabul qilindi.
Hozirgi kunda halok boʻlgan harbiylar va huquq-tartibot xodimlarining 270 nafar mehnatga layoqatsiz oila aʼzolari boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini olyapti. Endi farmonga koʻra, har bir oila aʼzosi uchun pensiya miqdori 25 foizga oshiriladi. Natijada har bir oila aʼzosi oʻrtacha 2 million soʻmdan pensiya oladi.
Ikkinchidan, vafot etgan xizmatchilarning oila aʼzolaridan hozirda 82 nafarining uy-joyi yoʻq, ularning 21 nafari ijarada va 61 nafari qarindoshinikida yashaydi. Bundan buyon, muhtoj oilalarga birinchi navbatda turar joy beriladi va imtiyozli ipoteka krediti olish imkoniyati yaratiladi. Oila aʼzolariga ijara toʻlovi uchun 1 million 800 ming soʻmgacha pul beriladi. Bundan tashqari, halok boʻlgan xizmatchining farzandlari bogʻcha, kollej, texnikum va oliygohda bepul taʼlim-tarbiya oladi.
Uchinchidan, oila aʼzosi daromadining soliqdan ozod qilinadigan summasi 2 barobar koʻpayadi. Bu tartib xodimning farzandlariga ham tatbiq etiladi. Natijada marhum xizmatchining oilasi roʻzgʻorida har oy oʻrtacha 700 ming soʻm qoʻshimcha pul qoladi.
Toʻrtinchidan, bundan buyon ushbu toifadagi xizmatchining oila aʼzolari harbiy shifoxonalarda bepul davolanish huquqiga ega boʻladi va navbatdan tashqari statsionar tibbiy yordam oladi. Ularga dori-darmon va protez-ortopediya moslamalari olib beriladi, jarrohlik xarajatlari davlat hisobidan qoplanadi. Xizmatchining ota-onasi, turmush oʻrtogʻi har yili sanatoriyda bepul davolanadi, bolalari oromgohlarda sogʻlomlashtiriladi. Ularning ota-onasi uchun yiliga ikki marta temir yoʻl va havo transportida yurish bepul boʻladi.
Beshinchidan, halok boʻlgan xizmatchilar oilasini harbiylashgan va huquq-tartibot idoralari tomonidan otaliqqa olish amaliyoti joriy etiladi. Shu bilan birga, viloyat hokimliklari tomonidan ogʻir ahvoldagi bunday oilalarga har oy 400 ming soʻm miqdorida nafaqa berib boriladi.
Maʼlumki, Vatanga qasamyod qilgan xizmatchi noxush holatlardan kafolatlanmagan. Bundan buyon, agar xizmatchi oʻz burchini bajarishda halok boʻlgan taqdirda, uning oilasiga ish haqini 150 baravari miqdorida bir yoʻla nafaqa beriladi. Yaʼni, bu nafaqa oʻrtacha 300 million soʻmdan 500 million soʻmga oshiriladi. Halok boʻlganda toʻlanadigan sugʻurta toʻlovi 25 million soʻmdan 60 million soʻmga koʻpayadi.
Davlat rahbari bunday mard insonlarni voyaga yetkazgan ota-onalari, farzandlari doimo yurtimiz ardogʻida boʻlishi zarurligini taʼkidlab, “El-yurt fidoyisi” koʻkrak nishoni taʼsis etish taklifini bildirdi. Bu nishon guvohnomasi Oliy Bosh qoʻmondon tomonidan imzolanadi. Ushbu eʼtirof egalari barcha imtiyozlarga ega boʻladi.
Bugun dunyoning turli nuqtalarida yangi tahdid va qurolli toʻqnashuvlar yuz bermoqda. Bunday tahlikali vaziyat xalqimizni ham bezovta qilishi tabiiydir. Shu bois davlatimiz mustaqilligini, xalqimiz tinchligini himoyalashga katta ahamiyat qaratilmoqda.
“Harbiy-jangovar salohiyat va yuksak maʼnaviy salohiyat Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarining ikki buyuk tayanchiga aylanishi zarur”, – dedi Prezident.
Oʻtgan yili harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy tayyorgarligi va jangovar ruhini oshirish konsepsiyasi qabul qilindi, “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harakati tashkil etildi. Bular yoshlar qalbida vatanparvarlik tuygʻularini yuksaltirishga hissa qoʻshmoqda.
Davlatimiz rahbari Vatan ozodligi yoʻlida fidoyilik koʻrsatgan oʻgʻlonlarimiz jasorati ham yosh avlod uchun ibrat ekani, ular haqida asarlar yaratish kerakligini taʼkidladi.
“Ezgu maqsad yoʻlida birlashgan xalq va davlatni hech qanday kuch yengolmaydi. Ilohim, qahramon oʻgʻlonlarimizning oxiratlari obod boʻlsin. Yurtimiz tinch, xalqimiz omon boʻlsin”, – dedi Prezidentimiz soʻzining yakunida.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q