Jamiyat
“Milliy” telekanalining “Millar” dasturida Yashnobod tumanidagi 152-maktab sinf xonalaridan birining videokamerasida yozib olingan holat yuzasidan reportaj eʼlon qilindi. Videoda ayol oʻqituvchining oʻquvchini kaltaklab, sinfdan chiqarib yuborgani aks etgan.
Dastur xodimiga koʻra bu holat 2-mart kuni 8-sinf oʻquvchisi bilan sodir boʻlgan, keyinroq videoyozuv shaxsi sir saqlanishini istagan bir ona tomonidan telekanalga yuborilgan.
«Bu voqea 5-soat biologiya darsida sodir boʻldi. Oʻqituvchi dars boshlamoqchi boʻlgan, dars boshlangan vaqtda esa u oʻquvchimiz telefonini olib, yonidagi bolalarni suratga olishni boshlagan. Oʻqituvchi ogohlantirib, telefonini olib qoʻyishni, jim oʻtirishni aytganida ham oʻquvchi davom etavergan.
Keyin oʻqituvchi borib, bolaning telefonini olib qoʻygan. Oʻqituvchi dars oʻtaman deganida yana toʻpolon qilgan. Pedagogimiz bolaga daftar-kitobini olishini aytganida, hech narsasiz kelganini aytgan. Soʻng oʻqituvchining jahli chiqib, qoʻl koʻtarib yuborgan. Chunki bola oʻqituvchini yomon soʻzlar bilan haqorat qila ketgan. Keyin darsdan chiqib ketgan u bola», deya taʼkidlagan dasturda intervyu bergan maktab xodimi.
Koʻrsatuvda surishtiruv ishlari sabab oʻqituvchi va oʻquvchidan intervyu olinmagani qayd etilgan.
Oʻqituvchi jarimaga tortildi
Qayd etilishicha, shundan soʻng mazkur holat jinoyat ishlari boʻyicha Yashnobod tuman sudida koʻrib chiqilgan va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasiga koʻra pedagog ayol mayda bezorilik sodir etgan deb topilib, BHMning 3 baravari (900 ming soʻm) miqdorida jarimaga tortilgan.
Ishdan ketgan oʻqituvchining munosabati
10-mart kuni Telegramʼdagi “Domlajon kanali” guruhida ushbu holat 152-maktab oʻqituvchisi Gulchehra Mamajonova bilan sodir boʻlgani maʼlum boʻldi. Oʻqituvchining oʻzi janjalga nima sabab boʻlganiga toʻxtalib oʻtgan.
“Men shu videorolikdagi oʻqituvchiman. Biologiya fanidan dars beraman, 20 yillik stajga egaman. Oliy toifaliman. Magistraturani xam oʻqib bitirganman. Videorolik haqida ham ijobiy, ham salbiy har xil fikrlarni oʻqidim. Har bir insonning oʻz fikri bor. Lekin asl holatni oʻzimdan eshitsangiz degandim. «Millar” koʻrsatuvi boshlovchisi, siz ham oʻqing va keyingi safar biror voqeani yoritayotganingizda, tarqatgan videorolik boʻyicha emas, voqeaning haqiqatda qanday boʻlgani toʻgʻrisidagi surishtiruvni olib borishingizni maslahat berar edim.
Videorolikda men oʻzim tan olaman, oʻta darajada quyushqondan chiqib ketganman. Lekin bu video toʻliq video emas, provokatsion vaziyatlar qirqib tashlangan. Eng asosiysi bu uyushtirilgan. Kim uyushtirgan? Nima uchun uyushtirgan, degan savollarga javob beraman. Maktab direktori Mavlonova Marziya Davronovna 30 yildan koʻproq vaqt mobaynida shu maktabda faoliyat olib boradi. 30 yil direktor boʻlganidan keyin, taʼlimda ishlaydiganlar biladi, hech kimdan va hech narsadan qoʻrqmaydi.
Shu maktabdagi 5 yillik faoliyatim natijasida noqonuniy pul yigʻimlariga qarshi turdim. Maktab shtat birligida turadigan qorovulni ota-onalarga qoʻriqlash xizmatidan, “oxrana” deb tanishtirib, bola boshidan 30 ming soʻmdan pul yigʻib olardi. Maktabda 3 mingga yaqin oʻquvchi oʻqiydi. Yigʻilgan summani tasavvur qiling. Bechora oʻqituvchi oʻz mehnati uchun beriladigan ustamaning ham yarmini direktorga “dolya” sifatida qaytarib berishi kerak. Sinf oʻquvchilaridan (sharoiti ogʻirmi, yengilmi, farki yoʻq) fond yigʻib bermasangiz, yoki mendek tuzoqqa tushasiz, yoki bosim ostida qolasiz. Oʻqituvchi xalqi nima deydi? “Mayli, olaqolsin, darsini bersin, tirikchiligimni qilay”, deydi.
Mening aybim shu noqonuniy yigʻimlarning yigʻilishiga qarshi boʻlganim. Oʻtgan oʻquv yilida bir ustozning shikoyat xati ketidan maktabni prokuratura tekshirgandi. 40-50 mln soʻm kamomad chiqdi. Shu tekshiruv paytida pul yigʻimlarining haqiqatda yigʻilishini tasdiqlab berganim uchun kun bermay qoʻydi desam ham boʻladi. Hattoki, ichki ishlardan himoya orderi ham olishga majbur boʻldim. Ochiqdan ochiq, ishdan boʻsha, arizangni yoz, deya turtkilayverdi. Arizamni oʻzim yozmaganim uchun shunaqa tuzoqlar qoʻyishni boshladi.
Bu videorolik xam shunaqa tuzoqlardan bittasi. Maktabda ishlaydiganlar biladi, kameraning dostupi faqat direktorning xonasida boʻladi. Videoni ham oʻzi tarqatdi.
Hattoki, oʻquvchining onasini chaqirib, “bolamning oʻzida ayb ekan, yomon soʻkibdi ustozni, kitob daftari ham yoʻq ekan”, deyishiga qaramasdan, majburlab ariza yozdiribdi. Bugun cudda oyisi yigʻlab kechirim soʻradi. Xalqim, bugun qalbim qon yigʻlamoqda. Oʻzim sevgan kasbdan majburlab ariza yozdirishdi. “Tepadagilar” qoʻymayotganmish.
Hurmatli “tepadagilar”, sizlarga bir insonning taqdirini hal qilish, surishtirmay haydab yuborish shunchalik osonmi? Sizga toʻgʻrisoʻz oʻqituvchilar kerakmasmi? Unda bitta taklif – “pedinstitut”larga “yaloqilik qilish texnikasi va uning foydalari” degan fanni qoʻshinglar, toki kelajakdagi yosh avlod mendek qiynalib yurmasin, mendek bechora boʻlib qolmasin! Men bugun yigʻlab oʻzimga soʻz berdim, boshqa oʻqituvchilik qilmayman, boshqa oʻqituvchilik qilmayman… Mayli, och qolay, mayli, bechora boʻlay, boshqa oʻqituvchilik qilmayman», degan Yashnobod tumanidagi 152-maktab oʻqituvchisi Gulchehra Mamajonova.
Eslatib oʻtamiz, konstitutsiyaviy qonun loyihasida pedagog xodimlarga oid qoidalar qayta koʻrib chiqilib, oʻqituvchi kasbiga nisbatan yuksak hurmatni hamda ularning ijtimoiy himoyasini nazarda tutuvchi alohida yangi modda kiritilgandi. Xususan, davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilishi, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy oʻsishi haqida gʻamxoʻrlik qilishi mustahkamlanishi qayd etilmoqda.
Siyosat
Iqtisod
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q