Yangi Konstitutsiyadan “maʼnaviyat” soʻzi olib tashlandi

Saqlash
21:50 / 10.03.2023 1353 0

Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 29-moddasini “axborotni izlash, olish va tarqatishga boʻlgan huquqni xalqning sogʻligʻi va maʼnaviyatini himoya qilish maqsadida cheklash” bilan toʻldirish taklif etildi. Biroq bu taklifga jamoat faollari qarshilik bildirdi.

 

Parlament Quyi palatasida boʻlib oʻtgan bugungi yigʻilishda mazkur jumladagi “maʼnaviyat” soʻzi “ijtimoiy axloq” iborasi bilan almashtirilishi aytildi.

 

Mazkur tuzatishdan soʻng, Bosh qomusning 33-moddasi loyihasi:

 

«Har kim fikrlash, soʻz va eʼtiqod erkinligi huquqiga ega.

 

Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega.

 

Davlat Internet tarmogʻidan foydalanishni taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratadi.

 

Axborotni izlash, olish va tarqatishga boʻlgan huquqni cheklashga faqat qonunga muvofiq hamda faqat konstitutsiyaviy tuzumni, xalqning sogʻligʻini va ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini taʼminlash, shuningdek davlat sirlari yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sir oshkor etilishining oldini olish maqsadida zarur boʻlgan doirada yoʻl qoʻyiladi», deya qayta tahrirlandi va deputatlar tomonidan qabul qilindi.

 

Quyi palata Spikeri oʻrinbosari Odiljon Tojiyevning taʼkidlanishicha, mazkur tushuncha amaldagi qonunchiligimizda ham, xalqaro hujjatlarda ham mavjud.

 

"Mazkur tushuncha amaldagi qonunchiligimizda ham, xalqaro hujjatlarda ham mavjud.

 

Masalan, BMTning “Fuqaroviy va siyosiy huquqlar toʻgʻrisida”gi xalqaro pakti 19-moddasida har kim oʻz fikrini erkin ifodalash, axborot izlash, olish va tarqatish huquqiga ega ekanligi, ushbu huquqdan foydalanish alohida masʼuliyat va javobgarlik yuklashi belgilangan. Mazkur moddaning 3-bandida esa davlat xavfsizligini, jamoat tartibini, aholi salomatligi yoki axloqini (ingliz tilida “public health or morals”, rus tilida “zdorovya ili nravstvennosti naseleniya” soʻzlari ishlatilgan) yoki boshqalarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish uchun zarur boʻlganda ushbu huquqlar qonun bilan cheklanishi mumkinligi aniq yozib qoʻyilgan", deb yozadi Quyi palata Spikeri oʻrinbosari Odiljon Tojiyev.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//