Senat “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonunni maʼqulladi

Saqlash
20:21 / 03.03.2023 1956 0

Oliy Majlis Senatining oʻttiz yettinchi yalpi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda dastlab senatorlar tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonun koʻrib chiqildi, deya xabar bermoqda Senat matbuot xizmati.

 

Qonunda 2012-yil qabul qilingan “Raqobat toʻgʻrisida”gi hamda 1999-yil qabul qilingan “Tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisida”gi qonunlar birlashtirilib, tabiiy monopoliya va ustun mavqega ega subyektlarga qoʻyiladigan talablarning aksariyat qismi bir xillashtirilgan.

 

“Unda raqobat sohasidagi davlat siyosatining yaʼni, raqobatni himoya qilish, raqobatga qarshi harakatlarning oldini olish va toʻxtatish, respublika hududida iqtisodiy faoliyat erkinligi va tovarlarning erkin harakatlanishini taʼminlash, tovar va moliya bozorlarining samarali faoliyat koʻrsatishi uchun sharoitlar yaratish kabi ustuvor yoʻnalishlar belgilangan. Bundan tashqari, qonun bilan bir qator yangi, yaʼni monopoliyaga qarshi komplayens, raqamli platforma kabi tushunchalar kiritilmoqda”, — deyiladi Senat xabarida.

 

Qonunda ustun mavqeni belgilashning yangi mezonlari kiritilayotgan boʻlib, unga koʻra tabiiy monopoliya subyektlari ham ustun mavqega ega subyektlar qatoriga qoʻshilmoqda.

 

Shu bilan birga qonunda ustun muzokara kuchi instituti kiritilib, ushbu normaga koʻra, bitim shartlarini, tovarlar realizatsiya qilinadigan hududni va narxni belgilashga bir tomonlama taʼsir koʻrsatish imkoniyatining mavjudligi sababli boshqa subyektlar bilan shartnoma tuzishda, ularda ustun muzokara kuchi mavjud deb baholanishi belgilanmoqda.

 

Tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini taʼminlash maqsadida Qonunda raqobat muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan davlat tomonidan koʻrsatilayotgan yordamni baholash tizimi joriy qilinmoqda.

 

Qonun bilan savdolarga doir raqobatni cheklashga qarshi talablar va oʻzaro bogʻliq boʻlgan ishtirokchilarning bir vaqtda savdo jarayonlarida ishtirok etishiga taqiqlar belgilanmoqda. Shuningdek, raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.

 

Senatorlarning fikriga koʻra, mazkur qonunning qabul qilinishi raqobatga qarshi harakatlarning kamayishiga, iqtisodiy faoliyat erkinligi, tovarlarning erkin harakatlanishiga, raqobat muhitini rivojlantirishga hamda tovar va raqamli bozorlarning samarali faoliyat koʻrsatishiga, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishga huquqiy asos yaratadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//