Dunyodagi beshinchi odam OIVdan toʻliq davolandi

Saqlash
17:02 / 22.02.2023 1085 0

Dunyoda OIV infeksiyasidan xalos bo'lish bilan bog‘liq beshinchi holat qayd etildi. Shifokorlar germaniyalik 53 yoshli erkakni davolashdi.

 

Bu holat birinchi marta 2019-yildayoq ma’lum bo‘lgan edi. Ammo tadqiqotchilar kasallik ustidan to'liq g‘alabani e’lon qilishga shoshilmayotgandi. Ular to‘rt yil davomida bemorni kuzatishdi. Bu muddat davomida u dori iste’mol qilmadi, shunga qaramay, unda virus aniqlanmadi.

 

Dyusseldorflik bemorda ildiz hujayralari transplantatsiya qilindi. Bu faqat onkologik kasallikka chalingan bemorlarga davolashning muqobil  usullari bo'lmaganda amalga oshiriladi. Jarayon yuqori xavf bilan kechadi, ammo tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, u muayyan ta'sirga egaligi bilan bir qatorda, ba'zi hollarda OIVni davolash imkonini beradi.

 

Statistikaga ko'ra, butun dunyo bo‘ylab 38,4 millionga yaqin odam OIV bilan kasallangan. Zamonaviy dorilar virusni bostirishga qodir va ko‘p yillar davomida yashashga yordam beradi, biroq dori-darmonlar iste'mol qilinmay qolsa, virus yana tarqalishni boshlaydi.

 

Olimlarning ta'kidlashicha, OIVdan butunlay xalos bo‘lish bilan bog‘liq bunday holatlar ishonch uyg'otadi, ammo oldinda qilinadigan ishlar hali ko‘p. Ildiz hujayralari transplantatsiyasini barcha infeksiyalanganlar uchun qo'llash juda xavflidir. Ammo yangi ma’lumotlar davolashning xavfsiz usullarini ishlab chiqishda imkoniyatlar yaratishi mumkinligi ma’lum qilindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//