"O‘zbekiston – turkiy dunyo asosini tashkil etadigan zamin"

Saqlash
17:18 / 16.11.2021 920 0

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-noyabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining sakkizinchi sammitida ishtirok etdi. O‘zbekistonning ushbu kengashdagi taklif va tashabbuslari xususida bir qator dunyo siyosatchilari fikr bildirdi. Xususan,

– Turkiy davlatlar tashkilotiga O‘zbekistonning bugunga qadar to‘laqonli a’zo bo‘lmaganini juda katta, ammo poydevori yo‘q bir binoning qurilishi deb tasavvur qilishimiz mumkin edi, – dedi Osman Mesten, “Turkiya-O‘zbekiston” parlamentlararo guruhi raisi. –  O‘zbekiston  turkiy dunyo tarixining asosini tashkil qiladigan zamindir. Tarixiy va madaniy rishtalar asosida tashkil qilingan bu tashkilot mintaqaviy hamkorlikning samarali mexanizmiga aylanib bormoqda. O‘zbekistonning tashkilotga qo‘shilgani esa uning qamrovini ham, salohiyatini ham oshirdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari ko‘p tomonlama hamkorlikning amaliy mazmun bilan boyitdi. Qisqa davrda Shavkat Mirziyoyev tomondian ko‘plab takliflar ilgari surildi va amalga oshirildi. Xususan, 2019-yil oktyabrda Toshkentda Turkiy tilli davlatlar ishbilarmonlari kengashi majlisi hamda investisiya forumi o‘tkazildi. 2020-yilda Xiva shahriga turkiy dunyoning madaniy poytaxti maqomi berildi. Yosh tadbirkorlar forumi ta’sis etilib, 2021-yil sentyabrda Toshkentda uning birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.

Ma’lumki, Shavkat Mirziyoyev sherik davlatlar miqyosida turizmni rivojlantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratmoqda.  Bu sohadagi tashabbuslar ham amalga oshyapti. Joriy yil Qo‘qon shahrida Turkiy kengashning vazirlari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Qo‘qon turkiy dunyoning ilk turizm poytaxti deb e’lon qilindi. Mamlakatlardagi muqaddas qadamjolar bo‘ylab tabarruk ziyorat loyihasini amalga oshirish boshlandi. Mahmud Qoshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Alisher Navoiy, Muso al-Xorazmiy merosiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiyalar o‘tkazildi. Barcha turkiy xalqlar uchun ardoqli bo‘lgan shoir Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot ta’sis etilishi Shavkat Mirziyoyevning yana bir xayrli tashabbusi bo‘ldi. Bu mukofot bilan turkiy davlatda ilm-fan, ta’lim, madaniyat va san’at sohalarini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan shaxslar taqdirlanadi. Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston turkiy davlatlar tashkilotida juda faol va tashabbuskor mamlakat sifatida o‘zini namoyon qilmoqda, – deya qo‘shimcha qildi u.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//