Ilgari xalqimiz paxta ekardi, lekin shunga munosib manfaat topmasdi – Shavkat Mirziyoyev

Saqlash
22:08 / 17.02.2023 1618 0

Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifi chogʻida klasterlar rahbarlari bilan muloqot qildi.

 

Buxoro viloyatida 11 ta paxta-toʻqimachilik klasteri faoliyat yuritmoqda. 2022-yilda ular tomonidan qariyb 99 ming gektar yerda 358 ming tonnadan ortiq paxta yetishtirilgan. Jami 2 trillion 36 milliard soʻmlik 36 ta loyiha amalga oshirilib, 3 ming 600 ta ish oʻrni yaratilgan. Tashqi bozorga qariyb 77 million dollarlik mahsulot eksport qilingan.

 

 

Muloqotda bozor konyunkturasidagi oʻzgarishlar, klasterlar oldidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

 

Qiyin boʻlsa ham, nima uchun klaster tizimiga oʻtdik? Ilgari xalqimiz paxta ekardi, lekin shunga munosib manfaat topmasdi. Besh yil davomida klasterlarni avaylab, sharoit yaratib, shu darajaga olib keldik. Endi ular xalqparvar boʻlishi kerak. Mayli, boy boʻlsin, faqat hayot bilan birga, xalq bilan birga, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

 

Klasterlar rahbarlari bugungi natijalari soʻnggi yillardagi islohotlar tufayli ekanini, bunga javoban ishsizlikni kamaytirish boʻyicha oʻzlariga masʼuliyat olishini taʼkidlashdi.

 

Barcha islohotlarimizdan pirovard maqsad — xalqimizning daromadini oshirish. Kambagʻallikni yoʻq qilib, aholining xarid qobiliyatini oshirsak, tadbirkorlarning ishi ham rivojlanadi. Besh yil oldin Buxoro qanday edi, hozir qanday? Shu surʼatda davom etsa, yana besh yildan keyin natijalar bundan-da yaxshi boʻladi. Chunki shunday buyuk, mehnatkash xalqimiz bor, — dedi Prezident.

 

Klasterlar faoliyatida muqobil energiyadan foydalanishni kengaytirish, suv tejovchi texnologiyalarni qoʻllash, innovatsion yechimlarni joriy etish boʻyicha ham koʻrsatmalar berildi.

 

Davlat rahbari shu yerda buxorolik hunarmandlar mahsulotlarini koʻzdan kechirdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//