Shavkat Mirziyoyev Buxoro tumanidagi mahalla hayoti bilan tanishdi

Saqlash
20:43 / 17.02.2023 1395 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro tumanidagi Rabotiqalmoq mahallasida boʻlib, aholi hayoti bilan tanishdi.

 

 

Bu yerda 9 mingdan ziyod aholi yashaydi. Quyi tizimdagi manzilli ishlar natijasi bu mahallada ham namoyon — tadbirkorlik rivojlanib, ish oʻrinlari koʻpaymoqda. Xususan, ilgari foydalanilmay yotgan maydonda tikuvchilik korxonasi barpo etildi. 30 dan ortiq xotin-qiz oʻz mahallasida ishli boʻldi. Yaqinda ish boshlaganiga qaramay, korxona 100 mingta trikotaj mahsulotlari uchun buyurtma olgan.

 

Davlat rahbari mazkur korxona faoliyati bilan tanishib, ishchilar bilan suhbatlashdi.

 

“Mahalladagi oʻzgarishlarni, sizning ishli boʻlganingizni koʻrib, xursand boʻldim. Bular — xalq ichiga kirib, xalq bilan birga qilayotgan saʼy-harakatlarimizning kichik bir natijasi. Agar hokimlik va tashkilotlar sharoit yaratib berolsa, har bir oila oʻzini eplab ketolsa, maqsadimga erishgan boʻlaman. Shunda katta oilamiz — davlatimiz ham mustahkam boʻladi”, — dedi Prezident.

 

 

Shu yerda viloyatdagi tadbirkor ayollarning hunarmandchilik mahsulotlaridan namunalar namoyish etildi. Ular ishlab chiqarishda va kasanachilik asosida xotin-qizlar bandligini taʼminlayotganini soʻzlab berishdi. Davlatimiz rahbari ularning bu boradagi harakatlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatmalar berdi.

 

Rabotiqalmoq mahallasida yana 10 dan ortiq savdo va servis shoxobchalari, Tadbirkorlarga xizmat koʻrsatish markazi ham bor. Mahalla fuqarolar yigʻini binosi mukammal taʼmirlangan. Aholining boʻsh vaqti mazmunli oʻtishi uchun “Otaxonlar choyxonasi”, kutubxona, sport maydonchasi, hammom va xiyobonlar tashkil etilgan.

 

Davlat rahbari bu sharoitlarni koʻzdan kechirdi, shu yerlik Baxtiyor Poʻlatov xonadonida mehmon boʻldi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//