Shavkat Mirziyoyev BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha Mintaqaviy markazi rahbarini qabul qildi

Saqlash
22:57 / 14.02.2023 1226 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-fevral kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha Mintaqaviy markazi rahbari lavozimidagi missiyasini yakunlayotgan Natalya Germanni qabul qildi, deb xabar berdi Prezident matbuot xizmati.

 

Davlat rahbari Markaziy Osiyoda konstruktiv muloqot va koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalarida BMTning Mintaqaviy markazi va boshqa tuzilmalari bilan samarali hamkorlik qilinayotganini alohida mamnuniyat bilan qayd etdi.

 

Keyingi bir necha yilda mamlakatimiz tashabbusi bilan va butun xalqaro hamjamiyat tomonidan qoʻllab-quvvatlangan holda Bosh assambleyaning mintaqadagi sheriklikning eng dolzarb yoʻnalishlari yuzasidan toʻrtta rezolyutsiyasi qabul qilindi.

 

Markazning bevosita ishtirokida Oʻzbekistonda bir qator yirik xalqaro forum va uchrashuvlar birgalikda tashkil etildi. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo yetakchi ayollarining muloqoti va Yoshlar uchun preventiv diplomatiya akademiyasi platformalari ishga tushirildi.

 

Natalya German Oʻzbekiston Prezidentiga mintaqada doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va ishonch muhitini mustahkamlash, amaliy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilgan muhim tashabbuslari uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

 

BMTning yuqori darajali vakili oʻzining yangi — Birlashgan Millatlar Xavfsizlik kengashining Terrorizmga qarshi kurashish qoʻmitasi Ijroiya tuzilmasi rahbari lavozimida Oʻzbekiston bilan mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash borasidagi yaqin hamkorlik bundan buyon ham davom etishiga koʻmaklashishini taʼkidladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//