Luvr muzeyida tashkil etilgan O'zbekiston ko'rgazmasi bir necha oydan buyon gavjum

Saqlash
14:59 / 13.02.2023 1468 0

Luvr muzeyida Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan “Oʻzbekiston vohalarining moʻjizalari. Karvon yoʻllari chorrahasida” koʻrgazmasi tashkil etildi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.

 

 

Qayd etilishicha, koʻrgazma doirasida Oʻzbekistondan keltirilgan muzey ashyolarini restavratsiya qilishga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.

 


Tadbirda 2019–2022-yillar davomida sopol, yogʻoch, metall, devor suratlari va qogʻozdan tayyorlangan 70 dan ortiq eng nodir buyumlarni koʻrgazma uchun maxsus qayta taʼmirlagan Luvr restavratorlari ishtirok etdi. 

 

Ushbu koʻrgazma tashkil etilganiga bir necha oy boʻlganiga qaramay hamon gavjum. Koʻrgazma bilan yaqindan tanishgan hamyurtimiz Doniyor Roʻzmetov oʻz taassurotlari bilan boʻlishdi.

 

“Meni eng quvontirgani boshlanganiga bir necha oy boʻlgan boʻlsa ham koʻrgazma gavjumligi, odamlar arimayotganligi boʻldi. Luvrning bosh eksponati Mona Lizaday boʻlmasa ham uncha muncha mashhur zallardan koʻra gavjumroq ekan. Koʻrishga kelgan omma ham rang-barang: farzandlariga koʻrsatayotgan oilalar, sanʼat va madaniyat xodimlari, haykallarni daftariga chizib olayotgan rassomlar, katta projektorda namoyish etilayotgan filmni oʻtirgʻichlardan tashqari yerlarda toʻldirib oʻtirib tomosha qilayotgan turli xalq vakillari va hatto chet elliklar.

 

Bir necha yillar davomida tayyorlangan koʻrgazma muvaffaqiyatli chiqibdi deb bemalol ayta olaman. Bu hali boshlanishi. Asosan Samarqand, Buxoro va Surxondaryo eksponatlari tanlanibdi. Fargʻona va Xorazmdan bir yoki ikki eksponat bor. Kelajakda voha va vodiylarimiz yanada kengroq namoyish etiladi va bunga potensial yetarli deb oʻylayman”, deydi Roʻzmetov.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//