Turkiyadagi zilzilada namanganlik 2 nafar ayol halok boʻldi. Ularning jasadi Oʻzbekistonga olib kelindi

Saqlash
14:43 / 13.02.2023 1208 0

Turkiyadagi zilzila oqibatida halok boʻlgan namanganlik ikki ayolning jasadi Oʻzbekistonga olib kelindi. Bu haqda “Daryo” nashri xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, Chortoq tumanining “Nurafshon” mahallasida istiqomat qilgan Mashhura Nurmatova 2023-yilning 14-yanvar kuni Turkiyaga ketgan va u yerda keksa er-xotinning uyida xizmatchi boʻlib ishlagan. 6-fevral kuni u bilan aloqa uzilgan. Uni oʻsha yerda tanigan-bilgan oʻzbekistonlik ayollar Mashhura Qahramonmarashdagi zilzila oqibatida halok boʻlgani haqida yaqinlariga xabar bergan.

 

Shundan soʻng uning ukasi Nizomjon Turkiyaga otlangan va 11-fevral kuni opasining jasadini Istanbul—Fargʻona aviareysi bilan Oʻzbekistonga olib kelgan. Bugun, 12-fevral kuni marhuma Chortoqdagi mahalliy qabristonda dafn etildi.

 

Yaqinlarining aytishicha, marhumaning jasadi 4 qavatli bino vayronalari ostidan, oʻzi ishlayotgan uydagi er-xotin jasadi bilan yonma-yon topilgan. Bu uning zilzila payti qaramogʻidagilarni tashlab ketmagani, falokatdan qutqarishga harakat qilganidan dalolat beradi.

 

Qirq yoshni qarshilagan Mashhura Nurmatova turmush oʻrtogʻining vafotidan soʻng 13 va 14 yoshdagi ikki qizini tarbiyalab kelayotgandi. Uning dafn marosimida Namangan viloyati hokimining oʻrinbosari Dinara Yoqubova, Chortoq tumani hokimi Anvar Otaxoʻjayev ishtirok etdi. Ular marhumaning yaqinlariga hamdardlik izhor etib, bu oilaga koʻmak berishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

 

Shuningdek, Norin tumanidagi “Boyovul” mahallasida istiqomat qilgan 45 yashar Barchinoy Mirzayeva 2022-yil noyabrida Turkiyaga yoʻl olgan va Shonliurfa shahrida keksa ayolga qarov bilan mashgʻul boʻlgan. Yaqinlarining bildirishicha, u 6-fevral kuni roʻy bergan zilziladan sogʻ-omon chiqqan, biroq oʻzi ishlayotgan xonadon vakillari bilan mashinada ketayotgan payt zilziladan qulayotgan uylarni koʻrib yuragi dosh bermagan va shu yerdagi kasalxonada vafot etgan. Uning avvaldan yuragi zaif boʻlgani aytilmoqda.

 

Barchinoy Mirzayeva ham 18 yashar talaba qizini yolgʻiz voyaga yetkazayotgan edi. Marhumaning dafn marosimi ertaga, 13-fevral kuni oʻzi tugʻilib-oʻsgan mahallada boʻlib oʻtishi koʻzda tutilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//