Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasidagi korxonalar faoliyati bilan tanishdi.
Oldinlari Jizzax viloyati sanoat koʻrsatkichlari aholi jon boshiga eng past boʻlgan hududlardan biri edi. Bugungi kunda har bir tumanga sanoat kirib bordi.
“Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida 27 ta loyiha amalga oshirilib, 5 ming 300 ga yaqin ish oʻrni yaratilgan. Oxirgi yillarda uning faoliyati takomillashtirilib, biznesga qulaylik kengaytirildi. Hozir bu yerda koʻp turdagi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Ular qatoriga 2022-yil oktabrda “Iruskon” qandolat korxonasi ham qoʻshildi.
Davlat rahbari uning ish jarayonini, mahsulotlarini koʻzdan kechirdi.
Korxonada Rossiya, Turkiya, Germaniya va Italiya tajribasi asosida “Deya” brendi bilan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Yillik quvvati 12 ming tonna. 100 ga yaqin kishi ish bilan taʼminlangan. Kelgusi yil ikkinchi bosqich uchun Germaniya va Turkiyadan yana 5 million dollarlik uskunalar olib kelish rejalashtirilgan. Buning natijasida yana 550 nafar yangi ish oʻrni yaratiladi.
Iqtisodiy zonadagi yana bir korxona — “Master Building Products” masʼuliyati cheklangan jamiyatida yiliga 3 million dona quvur va fiting mahsulotlari, qurilish materiallari tayyorlanadi. 600 ga yaqin ish oʻrni yaratilgan. Davlatimiz rahbari ushbu mahsulotlar koʻrgazmasi bilan tanishdi.
“Global Optical Communication” Oʻzbekiston-Janubiy Koreya qoʻshma korxonasi ham koʻzdan kechirildi. Bu yerda yiliga 85 ming kilometrlik optik tolali kabel mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. 115 kishi mehnat qilmoqda.
Prezidentimiz korxonalarda mahalliylashtirish darajasini oshirib, import oʻrnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
“Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida yana 14 loyiha amalga oshirilmoqda. Shundan 5 tasi joriy yilda ishga tushiriladi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q