“Navoiy va Sharq Renessansi” nomli II Xalqaro simpozium tashkil etildi

Saqlash
23:35 / 09.02.2023 2205 0

Toshkentda Alisher Navoiy nomidagi Xalqaro jamoat fondi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan “Navoiy va Sharq Renessansi” nomli II Xalqaro simpozium tashkil etildi.

 

 

Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning hayoti, yuksak insonparvarlik gʻoyalari, ilmiy-adabiy merosini yurtimizda va xalqaro miqyosda keng oʻrganish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

 

 

Davlatimiz rahbari tashabbusi asosida Alisher Navoiy nomidagi Xalqaro jamoat fondi bugungi kunda samarali faoliyat koʻrsatmoqda. Har yili Alisher Navoiy tavalludi kunida oʻtkazilayotgan “Navoiy va Sharq Renessansi” mavzusidagi xalqaro simpozium ham mazkur ezgu tashabbusning uzviy qismidir.

 

Simpoziumda Eron, Rossiya, Turkiya, Tojikiston va boshqa xorijiy davlatlardan olimlar, adabiyotshunoslar ishtirok etdi. Adabiy simpoziumda bugungi globallashuv davrida tinchlik va barqarorlik, xavfsizlikni taʼminlashda Alisher Navoiy asarlarida ilgari surilgan gʻoyalar muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.

 

 

Aytish joizki, 2021-yili Pokistonning Lahor shahrida Alisher Navoiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilib, yurtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi Xalqaro jamoat fondi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ayni paytda Koreya, Xitoy, Germaniya, Eron kabi davlatlarda Alisher Navoiy xalqaro jamoat fondining vakolatxonalarini ochish, bu mamlakatlarda navoiyshunos olimlar bilan hamkorlik oʻrnatish ustida ishlar olib borilmoqda.

 

Xalqaro simpoziumda Alisher Navoiy ijodini jahon miqyosida oʻrganish, bobomiz ulugʻlagan umuminsoniy ezgu gʻoyalar xususida atroflicha soʻz yuritildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//