Umumiy narxi qariyb 650 mln. soʻm boʻlgan kuchli taʼsir qiluvchi dorilarni sotganlar ushlandi

Saqlash
21:38 / 03.02.2023 1834 0

Oʻzbekiston Respublikasi IIV TQD JQX Giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan 2022-yilning dekabr oyida Jizzax viloyatining Baxmal tumanida tugʻilgan, Toshkent shahrining Yangihayot tumanida yashovchi shaxs Toshkent viloyati va Toshkent shahrida koʻp miqdordagi kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy tarqatish bilan shugʻullanib kelayotganligi toʻgʻrisida tezkor maʼlumot olingan.

 

Ushbu maʼlumotlarga asosan tezkor tadbir oʻtkazilib, natijada 2023-yil 26-yanvar kuni 2002-yilda tugʻilgan talaba yigit va 1998 va 1995-yillarda tugʻilgan talaba yigitning jinoiy sheriklari “Lacetti-2” rusumli avtomashinada Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Choʻponota koʻchasiga kelib, 3 500 AQSh dollari evaziga 3 000 dona “Zardeks” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini sotayotgan vaqtlarida Toshkent shahar IIBB tezkor xodimlari bilan hamkorlikda ushlangan.

 

Shuningdek, tezkor-qidiruv tadbiri davomida, ushlangan shaxslarning xavfsizligini taʼminlash uchun oʻzlarining avtomashinasida yetib kelgan 1993 va 1991-yillarda tugʻilgan ikki nafar shaxs yaʼni gumonlanuvchilarning sheriklari xam tezkor guruh tomonidan qoʻlga olingan.

 

Tadbir davom ettirilib, Namangan viloyatidan dori vositalarini olib kelishni tashkillashtirgan gumonlanuvchining vaqtincha yashab kelayotgan Chilonzor tumanidagi xonadoni xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganida xonadon yotoqxonasida 12 000 dona “Zardeks” va 1 108 dona “Tropikamid” dori vositalari borligi aniqlangan.

 

Oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida ushlangan 5 nafar shaxsdan “qora bozor”dagi umumiy narxi 649 million 440 ming soʻmlik jami 16 108 dona “Zardeks” va “Tropikamid” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari olingan.

 

Maʼlum qilinishicha, dastlabki surishtiruv ishlari davomida, dori vositalarini Toshkent shahriga olib kelib bergan fuqaroning shaxsi aniqlanib, hozirda tezkor-surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//