Anomal sovuq natijasida qiyinchilik ko‘rgan tadbirkorlarga yengilliklar beriladi

Saqlash
18:53 / 03.02.2023 1833 0

Ayni daqiqalarda Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatida tadbirkorlar bilan uchrashmoqda. Ta’kidlanishicha, anomal sovuq natijasida qiyinchilik ko‘rgan tadbirkorlarga yengilliklar beriladi.

 

“Bu yil qish nihoyatda sovuq keldi. Ko‘plab tadbirkorlar bundan qiynalganini bilib turibman”, – dedi Prezident.

 

Xususan, respublikada 3 mingta hududiy sanoat korxonasida 7 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilmay qolgan (ularda 350 ming aholi band).

 

Hisob-kitobga ko‘ra, zarur choralar ko‘rilmasa, birinchi chorakda yalpi mahsulot o‘sishi 1,5 foizgacha pasayishi mumkin (5 foizdan 3,5 foizgacha).

 

“Oldimizda dolzarb vazifa – “qattiq sovuq” oqibatlarini bartaraf etib, biznes faoliyatini tezroq izga tushirish”, – deydi Shavkat Mirziyoyev.

 

Shu bois, iqtisodiyotda yo‘qotishlar o‘rnini qoplash va biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun bugun alohida Prezident qarori imzolangan.

 

“Qattiq sovuq”dan qiyinchilik ko‘rgan tadbirkorlarga kredit, soliq, bojxona va boshqa to‘lovlar bo‘yicha yengilliklar beriladi.

 

Jumladan:

 

2 ming nafar kichik va o‘rta tadbirkorlarning yanvar-martda muddati keladigan 4,7 trillion so‘m kredit to‘lovlari 1-iyunga qadar uzaytiriladi;

 

29 mingta tadbirkorning 2 trillion so‘m soliqdan qarzini 1-iyulga qadar foizsiz, qo‘shimcha garovsiz va “penya”siz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi;

 

quvvati pasaygan 545 ta sanoat korxonasiga ishlab chiqarishni tiklash va aylanma mablag‘ uchun 8 trillion so‘m kredit ajratiladi;

 

nosoz uskunalarni taʼmirlashga kreditlar ajratiladi, ular bo‘yicha 2,5 milliard so‘mgacha kafillik beriladi va kredit stavkasining 4,5 foizi qoplab beriladi;

 

27 mingta tadbirkor uchun davlat mulki ijara to‘lovi 1-aprelga qadar o‘zgarmaydi va uni bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi (tadbirkorlarda 52 milliard so‘m qoladi);

 

davlat mulkini sotib olgan tadbirkorlar uchun to‘lovlar, foiz va “penya” 1-aprelga qadar to‘xtatib turiladi;

 

ishlab chiqarish binolarining har bir yuqori qavati uchun tadbirkorlarga mol-mulk solig‘idan 10 foizdan chegirma beriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//