Madaniyat
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Raʼno Shodiyeva Hindistonning Mumbay shahrida boʻlib oʻtgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) aʼzo davlatlarning badiiy va televizion filmlari festivalining (NFDC) “Eng yaxshi ayol obrazi” nominatsiyasi gʻolibligini qoʻlga kiritdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi, “Central Asian Trade Company” (CATC) hamda “Dilshoh media” kinostudiyalari hamkorligida suratga olingan “Ayol qismati” badiiy filmi hayotda sodir boʻlgan real voqealarga asoslangan.
Kinokartina 2019–2020-yillarda amalga oshirilgan insonparvarlikning eng oliy namunasi boʻlmish “Mehr” operatsiyasi doirasida Suriyadan olib chiqilgan yuzlab ayollardan biri Sojidaning ayanchli taqdirini juda taʼsirli tarzda gavdalantirgan. Kartinadagi Sojidaning qismati koʻpchilik adashgan ayollarning taqdirini oʻzida birlashtiradi. U turmushning mashaqqatlari sabab vatanni tark etadi. Yaqinlariga ergashib, Rossiya, Pokiston, Eron, Turkiya, Suriya va Iroq kabi yurtlarda baxt, farovonlik, tinchlik, xotirjamlik izlab sargardon kezadi. Unga hamisha “baxt qiyinchiliklar evaziga keladi” deb uqtirishardi. Ana shunday puch xayollar bilan yarim dunyoni aylanib chiqqan Sojida iqbol oʻrniga zavol topadi.
Filmda Sojida obrazini mahorat bilan ijro etgan Raʼno Shodiyevaning taʼkidlashicha, bunday mukofotlar ijodkorga ilhom bagʻishlab, yanada koʻproq mehnat qilishga undaydi.
“Buni kichkina mehnat deya olmayman, katta mehnatni amalga oshirdik. Lekin buning mana bunday yoqimli onlari ham boʻladi, bundan juda ham xursandman. Konkursga qoʻyilgan barcha filmlar yuksak darajadagi kartinalar edi, unda rol ijro etgan aktyorlar ham juda isteʼdodli, mahoratli, ularning orasidan meni tanlashganidan boshim osmonga yetdi. Bu nafaqat mening, balki butun guruhimizning yutugʻidir. Ushbu festivaldagi 8 ta sovrindan biri bizga nasib etdi, bu butun oʻzbek kinosining yutugʻi hamdir. Bunday eʼtiroflar ijodkor uchun kerak. U yanada yaxshi ijod qilish uchun sanʼatkorga ilhom bagʻishlaydi”, — deydi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist.
Filmda Raʼno Shodiyeva bilan bir qatorda Ilhom Berdiyev, Dadaxon Obidov, Sirojiddin Sattorov, Shohsanem Abdijamilova, Olim Jalolov, Dilmurod Qambarov kabi aktyorlar rol ijro etgan.
Maʼlumot uchun, “Ayol qismati” badiiy filmi Turkiyaning Bursa shahrida boʻlib oʻtgan “2-Qoʻrqut ota” kinofestivalida ham “gran pri”ni qoʻlga kiritgan, Raʼno Shodiyeva esa hakamlar hayʼatining maxsus mukofotiga sazovor boʻlgandi.
Shuningdek, 2022-yilning 24-dekabrida boʻlib oʻtgan “Oltin Humo” Milliy kino taqdimotida ham Raʼno Shodiyeva “Eng yaxshi ayol aktrisa” nominatsiyasida gʻolib boʻlgan.
“Ayol qismati” badiiy filmi ustida ishlaganlar:
ssenariy mualliflari Dilmurod Masaidov hamda Sardor Hamroyev;
postanovkachi rejissyor Dilmurod Masaidov;
postanovkachi operator Husan Aliyev;
prodyuser Mahmud Erkaboyev;
liboslar boʻyicha rassom Sevara Zunnunova;
kartina direktori Azizbek Azatbayev.
Siyosat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q