Endi tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani shifoxonaning o‘zidan olish mumkin

Saqlash
10:01 / 30.01.2023 2216 0

2023-yilning 1-yanvaridan boshlab Toshkent shahrida tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani tibbiyot muassasalari orqali elektron usulda FHDYO bo‘limlarida qayd etish tartibi joriy etildi. Mazkur tartib 2023-yil 1-iyundan butun respublika bo‘ylab tadbiq etilishi belgilangan. Bu haqda Adliya vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, endilikda bola tug‘ilishi bilan tibbiyot muassasasi u va ota-onasi haqidagi ma’lumotlarni, jumladan, bola ro‘yxatga qo‘yiladigan poliklinika va ichki ishlar bo‘limi, navbatga qo‘yiladigan davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti haqidagi ma’lumotlarni maxsus elektron blankaga kiritadi va avtomatik ravishda FHDYO bo‘limiga axborot tizimi orqali yuboradi. 

 

Shundan so‘ng FHDYO bo‘limi tug‘ilganlikni qayd etib, QR-kod qo‘yilgan tug‘ilganlik haqidagi ma’lumotnomani tibbiyot muassasasiga yuboradi. Tibbiyot muassasalari ma’lumotnomani bolaning ota-onasiga taqdim etadi.

 

Ushbu ma’lumotnoma tug‘ilganlik haqidagi gerbli guvohnomaga tenglashtiriladi. Davlat organlari va tashkilotlar tomonidan uni qabul qilishni rad etish qat’iyan taqiqlanadi. Tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani olish uchun FHDYOga borish shart emas.

 

Shuningdek, tug‘ilganlik haqidagi gerbli guvohnoma esa fuqarolarning istalgan vaqtdagi murojaatlariga asosan FHDYO bo‘limlari tomonidan eksterritorial tamoyil asosida rasmiylashtirib beriladi.

 

Ta’kidlanishicha, otalikni belgilash va yolg‘iz ona arizasiga asosan tug‘ilishni qayd etishda hamda topib olingan (tashlab ketilgan) bolaning tug‘ilishini qayd etishda bevosita FHDYO bo‘limiga murojaat qilish lozim.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish