Toshkentda sifatsiz issiqlik ta’minoti uchun qayta hisob-kitob qilinadi

Saqlash
13:09 / 24.01.2023 541 0

Toshkent shahri aholisini issiqlik ta’minoti bilan ta’minlashga mas’ul kompaniya — «Veolia Energy Tashkent» MChJ XK joriy yil qish mavsumida yetarlicha issiqlik ta’minotini ololmagan poytaxt aholisiga murojaat qilib, bu uchun qayta hisoblashni mustaqil ravishda amalga oshirishini ma’lum qildi.

 

«Issiqlik ishlab chiqaruvchi va issiqlik ta’minoti korxonalari tomonidan harorat rejimiga rioya qilmaslik oqibatida issiqlik ta’minotida uzilishlarni boshdan kechirgan bo‘lsangiz, qayta hisob-kitob Veolia Energy Tashkent mutaxassislari tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi.

 

Ya’ni:

 

– issiqlik energiyasining yo‘qligi yoki sifatsiz issiqlik energiyasi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan inspektorni chaqirish va dalolatnoma tuzishingiz shart emas;

– Dalolatnoma Veolia Energy Tashkent’ning tuman issiqlik tarqatish boshqarmasi tomonidan dispetcher ma’lumotlari asosida tuziladi. Veolia Energy Tashkent tasarrufida issiqlik energiyasi ko‘rsatkichlari qay vaqtdan boshlab meyorlarga javob bermay qolgani haqidagi ma’lumotlar bor.

 

Qayta hisoblash zarur sifatga ega bo‘lmagan issiqlik tashuvchisini yetkazib berishning butun davri uchun amalga oshiriladi», – deyiladi kompaniya murojaatida.

 

Shu bilan birga, kompaniya uyning yerto‘lasigacha sifatli issiqlik tashishni ta’minlagan bo‘lsa, lekin isitish yoki issiq suv bilan bog‘liq muammolar uy ichidagi infratuzilma sabab kelib chiqqan bo‘lsa, qayta hisoblash amalga oshirilmasligi eslatadi.

 

Qayta hisoblash dalolatnomasi bilan Veolia Energy Tashkent hududiy issiqlik tarqatish boshqarmalarida tanishish mumkin. Qayta hisob-kitob billing tizimi o‘rnatilishi bilan bog‘liq ishlar tugaganidan so‘ng shaxsiy kabinetda ko‘rinadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish