Jamiyat
Angren shahri prokurori maktablardan biriga tekshirish uchun kelib, yoʻllar qordan tozalanmaganidan noroziligini bildirib, oʻqituvchilar maoshlarini behuda olayotganini taʼkidlagan video tarqalgandi. Shahar prokurori Ulugʻbek Habiljonov ushbu holatdan afsusdaligi aytib, barcha oʻqituvchilardan kechirim soʻradi.
Shahar prokurori, 2-sektor rahbari soʻzining avvalida oʻqituvchi va murabbiylarga chuqur hurmat saqlagan holda ulardan uzr soʻradi.
«Men Angren shahar prokurori, 2-sektor rahbari Ulugʻbek Habiljonov boʻlaman. Soʻzimning avvalida oʻqituvchi va murabbiylarga chuqur hurmat saqlagan holda ulardan uzr soʻrab qolaman. Xabaringiz bor, kecha ijtimoiy tarmoqlarda mening Angren shahridagi 22-sonli umumtaʼlim maktab hududi qordan tozalanmagani boʻyicha qilgan videoxabarim terqalib, keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda.
Ushbu holat boʻyicha quyidagilarni maʼlum qilaman. Joriy yilning 18 yanvar kuni shahr hududidagi maktablarning oʻquv yiliga tayyorgarlik holatini oʻrganish maqsadida shaharning 4 ta sektor rahbarlari bilan oʻrganish olib bordik. 22-maktab hududida boʻlgan vaqtimizda hudud qor va muzlamalardan tozalanmagani va oʻquv jarayonida oʻquvchi va oʻqituvchilarning sogʻligʻiga xavf tugʻilishini inobatga olib, Telegramʻda maktab maʼmuriyatiga hududda tozalash ishlariga masʼul kishilar ishni bajarmaganini bildirib, buni bartaraf qilish lozimligini aytdim», — dedi prokuror.
Prokuror maktab hududini oʻqituvchi va murabbiylar emas, balki ushbu ishga masʼul shaxslar bajarishini tashkillashtirish lozimligini soʻramoqchi boʻlgan.
“Men ushbu holatdan qattiq afsusdaligimni bildirib, bizga taʼlim berib kelayotgan yosh avlodni tarbiyalashda jozbozlik koʻrsatayotgan barcha oʻqituvchilardan uzr soʻrab qolaman”, — deya qoʻshimcha qildi Ulugʻbek Habiljonov.
Toshkent viloyati prokuraturasining maʼlum qilishicha, Angren shahar prokuroriga faoliyatda yoʻl qoʻygan xato va kamchiliklar uchun intizomiy jazo chorasi qoʻllanilgan.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova ushbu vaziyat Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olinganini maʼlum qildi.
«Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlgan vaziyat yuzasidan Bosh prokuratura rahbariyati bilan gaplashdim, holat ayni damda nazoratga olingan va oʻrganilmoqda. Prezidentimizning tegishli qarorlariga asosan pedagog xodimlarini xizmat majburiyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga jalb qilish qatʼiyan taqiqlanganini eslatib oʻtaman.
Oʻqituvchi qadrlanmagan yurt hech qachon taraqqiy etmaydi. Shu bois barchadan jumladan mutasaddi rahbarlarimizdan bugun davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan oʻqituvchilarni ulugʻlash va jamiyatda eng obroʻli inson qilish davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlab, bu borada eng avvalo oʻzimiz oʻrnak koʻrsatishimizni soʻrab qolaman», — deb yozadi Umarova.
Iqtisod
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q