DXX va Bosh prokuratura bugun ishdan bo’shatilgan amaldorlar ustidan tekshiruv olib boradi

Saqlash
17:00 / 16.01.2023 1120 0

Shavkat Mirziyoyev huzurida qish mavsumida aholini energiya resurslari bilan uzluksiz taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan choralar yuzasidan kengaytirilgan yigʻilish oʻtkazilmoqda. Prezident matbuot kotibining yozishicha, Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuraturaga bugun lavozimidan ozod etilgan mutasaddilarning faoliyatini oʻrganish va qonun buzilishlari aniqlangan taqdirda, qatʼiy javobgarlikka tortish topshirilgan.

 

Qayd etilishicha, yigʻilishda hokimlar, sektor rahbarlari, mahalla raislari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari uyma-uy yurib, aholidan xabar olishlari kerakligi koʻrsatib oʻtilgan.

 

“Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasidan yolgʻiz qariyalar, koʻp farzandli ehtiyojmand oilalarga issiq kiyim, oziq-ovqat tarqatish, eng ogʻir hollarda ularni sharoiti bor joylarga joylashtirish, mahallalarda issiq ovqat tarqatish punktlarini tashkil etish topshirilgan.

 

Har bir dehqon bozorida sharoitlarni yaxshilash va narx-navo tartibga solish, yirik korxonalar, ijtimoiy obyektlar rahbarlari xodimlarini uyushgan holda ishga olib kelishga avtobus qatnovlarini tashkil etish vazifasi qoʻyilgan.

 

Yongʻinni oldini olish boʻyicha amaliy va tushuntirish ishlarini kuchaytirish, xonadonma-xonadon isitish vositalaridan toʻgʻri foydalanish boʻyicha tushuntirish ishlarini tashkil qilish boʻyicha topshiriq berilgan.

 

Avtomobilga gaz quyish shoxobchalarida davom etayotgan oʻgʻirliklarga barham berish shartligi taʼkidlangan.

 

Misol uchun, oʻtgan haftada birgina Vobkent tumani va Buxoro shahridagi 3 ta shoxobchada 26 million kubmetr (26 milliard soʻmlik) gazdan yashirincha foydalanish holatlari aniqlangan. Ushbu gaz hajmi bilan 44 ming xonadonni yoki bitta katta tuman aholisini 1 oy gaz bilan taʼminlash mumkin edi.

 

Bosh prokurorning birinchi oʻrinbosari Valiyevga shu masalada tartib oʻrnatish topshirilgan.

 

Umuman, Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuraturaga bugun lavozimidan ozod etilgan mutasaddilarning faoliyatini oʻrganish va qonun buzilishlari aniqlangan taqdirda, qatʼiy javobgarlikka tortish topshirilgan. Yigʻilish yakunida tegishli mutasaddilar va hududlar hokimlari hisobot bergan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//