Siyosat
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-yanvar kuni Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi raisligida onlayn shaklda oʻtkazilgan “Global Janub ovozi” sammiti yalpi majlisida nutq soʻzladi. Nutq matni Prezident matbuot xizmati tomonidan eʼlon qilindi.
Hindistonning “Katta yigirmatalik”ka (G20) raisligi doirasida tashkil etilgan tadbirda Vyetnam Respublikasi Prezidenti Nguyen Suan Fuk, Gayana Respublikasi Prezidenti Muhammad Irfon Ali, Mozambik Respublikasi Prezidenti Filipe Nyusi, Senegal Respublikasi Prezidenti Maki Sall, Bangladesh Xalq Respublikasi Bosh vaziri Shayx Xasina, Moʻgʻuliston Bosh vaziri Luvsannamsrayn Oyuun-Erdene, Tailand Qirolligi Bosh vaziri Prayut Chan Ocha, Kambodja Qirolligi Bosh vaziri Xun Sen va Papua — Yangi Gvineya Mustaqil Davlati Bosh vaziri Jeyms Marape qatnashdi.
Kun tartibiga muvofiq, inson manfaatlariga yoʻnaltirilgan barqaror rivojlanish masalalari muhokama qilindi, rivojlanayotgan mamlakatlarning manfaatlarini ilgari surish va dolzarb muammolarini hal qilish maqsadida, shu jumladan iqtisodiyot, ekologiya, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi, sogʻliqni saqlash, inson resurslarini rivojlantirish, innovatsiyalar, turizm va boshqa yoʻnalishlardagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan fikr va aniq takliflar almashildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugungi xalqaro vaziyatda kuzatilayotgan dolzarb tendensiyalarga baho berib, rivojlanayotgan mamlakatlar oldida turgan asosiy ustuvor vazifalar borasida fikr bildirdi.
Bugungi kunda jahon hamjamiyati turli qarama-qarshilik va ziddiyatlarning keskinlashuvi, iqtisodiy inqirozning salbiy oqibatlariga duch kelmoqda. Biz xalqaro munosabatlarda ochiq muloqot va oʻzaro ishonchning tobora kamayib borayotganiga guvoh boʻlmoqdamiz, — dedi davlatimiz rahbari.
Oʻzbekiston yetakchisi qayd etganidek, koronavirus pandemiyasi, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi masalalari hamda ekologik muammolar global taraqqiyotning istiqbollariga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Hindistonning rivojlanayotgan mamlakatlar bilan oʻzaro manfaatli va samarali aloqalarni mustahkamlashdagi faol oʻrni va roli alohida taʼkidlandi.
Shu maʼnoda, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi strategik sheriklik va amaliy hamkorlik munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilgani va xalqlarimizning umumiy manfaatlariga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Prezidentimiz Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarning markazida inson manfaatlarini taʼminlash eng ustuvor maqsad va vazifa etib belgilanganini alohida taʼkidladi.
Taraqqiyot strategiyamizning asosiy mazmuni – qonun ustuvorligi va inson kapitalini rivojlantirish, adolatli va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishdan iboratdir. Biz oʻz oldimizga yaqin kelajakda inklyuziv va barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, mamlakatda kambagʻallikni ikki barobarga qisqartirish kabi katta rejani qoʻyganmiz, — dedi davlatimiz rahbari.
Oʻzbekiston Prezidenti Hindistonning G20ga raisligini qoʻllab-quvvatlab, kun tartibidagi masalalar yuzasidan qator amaliy takliflarni ilgari surdi.
Eng avvalo, bugungi kunda mavjud xalqaro savdo tizimini “Global Janub ovozi”ni eʼtiborga olgan holda takomillashtirish taklif qilindi.
Asosiy bozorlarga chiqishda hamon turli toʻsiq va cheklovlarga duch kelayotgan rivojlanayotgan mamlakatlarning salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun zarur sharoitlar yaratilishi lozim.
Rivojlanayotgan davlatlarning energetika va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, global logistika va qoʻshimcha qiymat zanjirlarini yaratish, investitsiya va eng zamonaviy texnologiyalarni jalb etishda koʻmaklashish masalalari jahon sammiti kun tartibidan oʻrin olishi maqsadga muvofiqligi qayd etildi.
Yana bir strategik masala – “Shimol-Janub” xalqaro yoʻlagi doirasida Markaziy va Janubiy Osiyo oʻzaro bogʻliqligini kuchaytirishga qaratilgan, Afgʻoniston orqali Hind okeaniga chiqadigan temir yoʻlni qurish loyihasini faol ilgari surish. Oʻzbekiston yetakchisi hamkorlarni ushbu muhim loyihada ishtirok etishga chaqirdi.
Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, “yashil” iqtisodiyotga oʻtish sharoitida taraqqiy etgan va rivojlanayotgan mamlakatlar oʻrtasidagi katta texnologik farq oʻsib bormoqda. Shu munosabat bilan jahonning yetakchi davlatlari koʻmagida “Global Janub” uchun “yashil” texnologiya va innovatsiyalar axborot bankini yaratish taklif qilindi.
Navbatdagi dolzarb masala inson kapitalini rivojlantirish va professional taʼlim sifatini oshirish ekani koʻrsatib oʻtildi.
Iqtidorli yoshlarimizni iqlim oʻzgarishi, suv resurslaridan oqilona foydalanish, muqobil energetika, raqamlashtirish va boshqa ustuvor sohalardagi milliy va xalqaro dasturlarni ishlab chiqishga keng jalb etishimiz kerak, — dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Shundan kelib chiqib, “Janub yoshlari ovozi” doimiy muloqot platformasini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Global miqyosda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash maqsadida davlatimiz rahbari Oʻzbekiston ilgari surayotgan Afgʻoniston muammosini hal etish boʻyicha xalqaro muloqot guruhini shakllantirish taklifini qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi.
Onlayn-sammitda bildirilgan taklif va tashabbuslar rivojlanayotgan mamlakatlarning manfaatlarini ilgari surishga, inson manfaatiga yoʻnaltirilgan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Soʻzining yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti doʻst Hindiston xalqini yaqinlashib kelayotgan milliy bayram – Respublika kuni bilan samimiy tabrikladi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q