Xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilishda javobgarliklar kuchaytirilmoqda

Saqlash
20:46 / 11.01.2023 1819 0

Adliya vazirligi tomonidan «Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi 11 yanvar kuni muhokamalar portaliga qo‘yildi.

 

Loyihaga ko‘ra, 18 yoshga to‘lmagan jabrlanuvchining nomusiga tegish, unga nisbatan zo‘rlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish, fohishalikka jalb qilish, voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan pornografik mahsulotni tayyorlash uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Xususan, ularga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish qo‘llanmaydi.

 

Bundan tashqari,

 

– ayolni homilasini sun’iy tushirishga majburlash (taklif: 30 mln so‘mdan 60 mln so‘mgacha jarima yoki 3 yildan 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari);

– nomusga tegish yoxud jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish (taklif: 1-qismi 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish; 2-qismi 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish);

– shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish (taklif: 300 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish);

– 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish (taklif: 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish);

– unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish (taklif: 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish) uchun jazo og‘irlashtirilmoqda.

 

Shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik (intim hayot daxlsizligini buzish) uchun javobgarlik (120 mln so‘mdan 180 mln so‘mgacha jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari) belgilanmoqda.

 

Shuningdek, jamoat joylarida shaxsga shilqimlik qilish: uning qaddi-qomatini shahvoniy mazmunda tasvirlash, shu mazmundagi so‘zlar bilan chaqirish, izohlash, qiyoslash, shahvoniy maylni ko‘rsatuvchi harakatlar qilish uchun ma’muriy javobgarlik (600 ming so‘mdan 1,2 mln so‘mgacha jarima) belgilanmoqda.

 

Qonun loyihasida ko‘zda tutilishicha, voyaga yetmagan, mehnatga layoqatsiz shaxslar va ota-onani moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlaganlar haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy jalb qilinadi.

 

Hujjat bilan shaxsning hayoti va sog‘lig‘i, erkinligi, sha’ni va qadr qimmatiga, O‘zbekistonga, tinchlik va insoniyat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar uchun ilgari hukm qilingan shaxslar voyaga yetmaganlarga xizmat ko‘rsatiladigan ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarida ishlashi taqiqlanmoqda.

 

Loyihani qabul qilish Davlat budjetidan qo‘shimcha xarajatlarni talab qilmaydi. Ma’lumot uchun, muhokama jarayoni 26 yanvarga qadar davom etadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//