Adliya vazirligi OAVni O‘zbekistondagi ma’muriy o‘zgarishlarni biryoqlama yoritmaslikka chaqirdi

Saqlash
21:52 / 10.01.2023 1685 0

Adliya vazirligi ayrim ommaviy axborot vositalarini davlat boshqaruvidagi ma’muriy o‘zgarishlarni noprofessional yoritayotganlikda aybladi.

 

Vazirlik munosabatida ma’muriy islohotlarga oid O‘zbekiston prezidenti farmoni va qarori loyihalari chuqur tahlillar asosida milliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgani, biroq ayrim OAV tomonidan masalani asossiz subyektiv talqin qilishga harakatlar kuzatilayotgani keltirilgan.

 

“Mamlakatimizda e’lon qilingan ma’muriy islohotlar yuzasidan ayrim OAV va ijtimoiy tarmoqlarda turlicha qarashlar bayon etilmoqda. Albatta, fikrlar xilma-xil bo‘lgani yaxshi, lekin ayrim OAV va ijtimoiy tarmoqlar masalani mutaxassis bo‘lmagan yoki zarur bilim va tajribasi bo‘lmasa-da, o‘zlarini ekspert deb e’lon qilayotgan shaxslar bilan intervyular tashkil qilib, o‘z kuzatuvchilariga islohotlarni bir tomonlama faqat salbiy tomondan ko‘rsatish va baholash bilan shug‘ullanmoqda.

 

Avvalo, shuni ta’kidlash lozimki, bunday masalada u yoki bu fikr, bahoni berishda zarur bilim, malaka va tajribaga ega bo‘lish, chuqur tahlilga asoslanish maqsadga muvofiq. Chunki ma’muriy islohotdek o‘ta professional masalani yengil-yelpi yondashuvlar, o‘zining hissiyot va qarashlari orqali bayon etish, ayniqsa OAV orqali tarqatish mas’uliyatsizlikdan boshqa narsa emas”, – deyiladi manbada.

 

Adliya vazirligi hozirgi tayinlovlarga yangi hukumatni shakllantirish sifatida baho berish holatlari ham kuzatilayotgani, ammo bu noto‘g‘ri qarash ekanini ham bildirgan.

 

“Mamlakatda yangi hukumatni shakllantirish tartibi Konstitutsiyada belgilangan. Unga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi yangitdan saylangan Oliy Majlis oldida vakolatlarini zimmasidan soqit qiladi. Ya’ni, hukumat tarkibi yangi Oliy Majlis shakllanganda yangilanadi. Shu sababli, mazkur tayinlovlarda hukumat tarkibini yangilash maqsadi qo‘yilmagan, aksincha, maqbullashtirish natijasida yangi tashkil etilgan davlat boshqaruvi organlari rahbarligiga yangitdan tayinlovlar amalga oshirildi.

 

Ayni paytda ma’muriy islohot hukumat tarkibini yangilashni anglatmasa-da, amalda vazirlarning qariyb uchdan bir qismi yangi yoki tayinlanganiga bir yil ham to‘lmaganligiga e’tibor qaratishimiz lozim. Shunday ekan, hukumat tarkibi eskicha qoldi, deyish masalaga kamida noprofessional yondashuv bo‘lganini ko‘rsatadi.

 

Farmonda ayrim funksiyalarni xususiy sektorga o‘tkazish orqali tegishli sohalarni rivojlantirishga alohida e’tibor beriladi. Natijada, tugatilgan funksiyani amalga oshiruvchi mavjud lavozimlar qisqartiriladi. Ushbu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Birdaniga xodimlarni 30 foizgacha qisqartirish degan tushuncha noto‘g‘ri.

 

Shu bilan birga, mazkur optimallashtirish barcha davlat tashkilotlariga birdek tatbiq qilinmaydi. Ularning bajarayotgan vazifa va funksiyalari tahlil qilinib, ayrim davlat tashkilotlarida 5-10 foizgacha, ayrimlarida esa 30 foizgacha qisqarishi mumkin”, – deya munosabat bildirgan Adliya vazirligi.

 

Avvalroq prezident “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzolagani xabar qilingandi. Hujjatga asosan, 2023-yil 1-yanvardan boshlab mustaqil faoliyat yurituvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining sonini 61 tadan 28 tagacha, shu jumladan vazirliklar sonini 25 tadan 21 tagacha qisqartirish belgilangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//