Boshlangʻich sinf darsliklari vazni 300 grammdan oshirilmasligi belgilab qoʻyildi

Saqlash
19:39 / 03.01.2023 2007 0

Hukumatning 2022-yil 28-dekabrdagi 726–sonli qarori bilan taʼlim muassasalari uchun matbaa mahsulotlari xavfsizligi talablarini belgilashning umumiy texnik reglamenti tasdiqlandi.

 

Reglament bilan quyidagilar belgilandi:

 

maktabgacha, umumiy oʻrta va oʻrta maxsus hamda professional taʼlim sohasida foydalaniladigan matbaa mahsulotlarining xavfsizligiga qoʻyiladigan talablar;

 

yozuv uchun moʻljallangan matbaa mahsulotlariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari;

 

oʻquv nashrlari va qoʻshimcha taʼlim uchun nashrlar xavfsizligiga qoʻyiladigan talablar;

 

yozuv uchun matbaa mahsulotlari, oʻquv nashrlari va qoʻshimcha taʼlim nashrlarini qadoqlashga doir talablar;

 

matbaa mahsulotini identifikatsiyalash, namunalarni tanlash va nazorat qilish uslublari.

 

Reglament foydalanuvchilarning hayoti va sogʻligʻini saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, shuningdek, isteʼmolchilarning chalgʻishiga olib keluvchi harakatlar oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan.

 

Jumladan, umumiy oʻrta taʼlim va oʻrta maxsus hamda professional taʼlim uchun oʻquv nashrlarida tor yoziladigan shriftlar qoʻllash mumkin emas.

 

Shuningdek, taʼlim muassasalari uchun matbaa mahsulotlarida gazeta qogʻozi va yaltiroq qogʻozdan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.

 

Yosh toifasiga qarab nashrlar:

 

1-4-sinflar;

5-9-sinflar;

10-11-sinflarga moʻljallanadi.

 

Nashr vazni darsliklar uchun:

 

1-4-sinflar uchun 300 grammdan;

5-6-sinflar uchun 400 grammdan;

7-9-sinflar uchun 500 grammdan;

10-11-sinflar uchun esa 600 grammdan oshmasligi kerak.

 

1-4-sinflar uchun adabiyotlarda rangli boʻyoqlar, shriftni belgilash, chizilgan shriftlar, koʻp ustunli terish qoʻllanmaydi.

 

Reglament rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 6 oy oʻtgach amalga kiritiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//