Millatning sifat ko‘rsatkichi, tafakkurning mobillashuvi va o‘zgarmas qadriyatlar – “Ma’naviy hayot” imizning bugungi qiyofasi

Saqlash
22:25 / 30.12.2022 3335 0

Inson hayotidagi eng katta yutuq – o‘zligini anglash, shu orqali umridan mazmun topishdir. “Ma’naviy hayot” jurnalining 2022-yil 4-sonida e’lon qilingan maqolalarda o‘zlikni anglash, xalqimizning bebaho qadriyatlarini asrash haqida so‘z yuritiladi. Jumladan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi, filologiya fanlari nomzodi, professor Xurshid Do‘stmuhammad bilan bo‘lgan suhbatda ma’naviy hayot, bu borada bajarishimiz zarur bo‘lgan vazifalarimiz haqida so‘z boradi. “Millatning sifat ko‘rsatkichi” deb nomlangan suhbat-maqolada ma’naviyat ummonining qanday vujudga kelishi, pirovardida u millat taraqqiyotida qanday o‘rin tutishi haqida fikrlashiladi.

 

“Xaritasi o‘zgarayotgan dunyo” maqolasi insoniyat tarixida urushlar nechog‘lik fojialar keltirgani, tinchlik qadri haqida muallif Sayfiddin Okanov qarashlari bayon etilgan. Ushbu maqolada katta talofatlarga sabab bo‘ladigan urushlar uchinchi odamning arzimas gap-so‘zlaridan boshlanishi hayotiy misollar bilan o‘ziga xos tarzda ochib berilgan.

 

Tezkor ravishda globallashayotgan, hatto adabiyot ham ovozli kitoblar ko‘rinishiga o‘tayotgan davrda ma’naviyatni qanday asrash mumkin? Uni hissiz matohlardan himoyalashning zamonaviy usullari bormi? Shoir Suhrob Ziyo “Mobillashib borayotgan tafakkur” maqolasida shu kabi savollarga javob izlaydi. Muallif Internet va zamonaviy gadjetlardan uzoqlashmasdan turib nomoddiy madaniy meroslarimizni asrab qolish borasida takliflarni o‘rtaga tashlaydi.

 

Jurnalist Shahnoza Rofiyevaning “Makroolamdagi mikroolam olimi” nomli suhbat-maqolasida yosh matematik olim Otabek Hakimov ilm yo‘lidagi zahmatlari haqida so‘z yuritadi. Shuningdek, olim hayotida adabiyotning o‘rni va ahamiyatiga to‘xtalgan.

 

Shuningdek, “Millat xaritasi” ruknida professor Begali Qosimov siymosiga chizgilar, “Qo‘lyozmalar yonmaydi” ruknida Odil Yoqubovning ijodxonasi bilan tanishishingiz mumkin. Qolaversa, Shohsanam Xidirovaning O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Karim Mirhodiyev bilan suhbati, Munojat Raufzodaning “Olovlar ichra o‘zim bor” kabi maqolalari o‘rin olgan.

 

O‘quvchi jurnal bilan tanishar ekan ajdodlarimizning tutimlari, ma’naviy hayotimizning bugungi qiyofasi haqida tasavvurga ega bo‘ladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//