2023-yil 1-yanvardan qonunchilikda nimalar oʻzgaradi?

Saqlash
16:26 / 30.12.2022 2684 0

Oʻzbekiston qonunchiligida 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradigan asosiy oʻzgarishlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

 

Maksimal pensiya miqdori oshiriladi

 

Prezident farmoniga asosan pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 10 barobaridan 12 barobarigacha oshiriladi.

 

Oilaviy poliklinika filiallari negizida oilaviy shifokor punktlari tashkil etiladi

 

Prezident qaroriga koʻra, hududlarda oilaviy shifokor punktlari tarmogʻini yanada kengaytirish uchun 2023-yil 1-yanvardan boshlab joylardagi oilaviy poliklinika filiallari negizida oilaviy shifokor punktlari tashkil etiladi.

 

Bojxona organlari xodimlarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiyalash amaliyoti joriy etiladi

 

Prezident farmoniga asosan bojxona organlari xodimlarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiyalash amaliyoti bosqichma-bosqich joriy etiladi.

 

Maktab direktorligiga nomzodlarga talablar kuchaytiriladi

 

Prezident farmoniga koʻra, 2023-yil 1-yanvardan boshlab:

 

maktab direktori lavozimiga nomzodlar menejerlik sertifikatini olish uchun Milliy-tadqiqot institutida maxsus pulli dasturlar asosida jamoada ishlash va ota-onalar bilan muloqot qilish, boshqaruv, moliyaviy hisob-kitoblarni amalga oshirish hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari koʻnikmalariga oʻqitiladi;

 

oʻqitish yakuni boʻyicha Milliy-tadqiqot instituti tomonidan maktab direktori lavozimiga nomzodlarning boshqaruv sohasiga oid bilim va koʻnikmalari baholanadi hamda natijasi boʻyicha menejerlik sertifikati beriladi;

 

maktab direktori lavozimiga nomzodlar faqat menejerlik sertifikatiga ega boʻlgan shaxslar orasidan tanlab olinadi va kelishish uchun xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga taqdim etiladi;

 

maktab direktorini ish beruvchining tashabbusiga koʻra lavozimdan ozod etish uchun xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari bilan kelishish talab etilmaydi.

 

Pensiya tayinlashda fuqarolardan bir qator hujjatlarni talab qilish bekor boʻladi

 

Prezident qarori bilan 2023-yil 1-yanvardan boshlab:

 

davlat pensiyalarini tayinlashda fuqarolardan mehnat staji, ish haqi, oliy taʼlim muassasalaridagi oʻqish hamda harbiy xizmat davri toʻgʻrisidagi hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi;

 

davlat pensiyalarini tayinlash YAMMT IDAKga kiritilgan elektron maʼlumotlar asosida amalga oshiriladi. Bunda, mehnat staji, ish haqi, oliy taʼlim muassasalaridagi oʻqish hamda harbiy xizmat davri toʻgʻrisidagi hujjatlar Pensiya jamgʻarmasi tomonidan YAMMT IDAKdan foydalangan holda elektron maʼlumotlar almashinuvi asosida olinadi;

 

davlat pensiyalarini tayinlash uchun fuqarolardan faqat pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi talab etiladi.

 

Fuqaroning shaxsini aniqlash uchun ichki ishlar boʻlimiga olib borish amaliyotidan voz kechiladi

 

Hukumat qaroriga muvofiq 2023-yil 1-yanvardan boshlab ichki ishlar organlari faoliyatiga bosqichma-bosqich “Ye-patrul” tizimi joriy etilib, fuqaroning shaxsini aniqlash uchun ichki ishlar boʻlimiga olib borish amaliyotidan voz kechiladi hamda barcha maʼlumotlar joyida planshet orqali tekshirilib, ichki ishlar organlari patrul-post xizmati xodimlarining faoliyati “bodikamera”dan foydalangan holda amalga oshirilishi yoʻlga qoʻyiladi.

 

“Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga beriladigan pul mukofoti 3 baravarga oshiriladi

 

Prezident qaroriga koʻra, 2023-yil 1-yanvardan boshlab:

 

a) “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga biryoʻla beriladigan pul mukofoti summasi bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn besh baravarigacha oshiriladi;

 

b) “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga quyidagi huquqlar beriladi:

 

ular uchun qulay boʻlgan vaqtda yillik asosiy mehnat taʼtiliga chiqish;

 

shahar jamoat transportining barcha turlaridan (yoʻnalishli va yoʻnalishsiz taksilardan tashqari) bepul foydalanish;

 

davlat sanatoriy-kurortlarida davolanish uchun yoʻllanmalarni navbatsiz olish;

 

v) doimiy (yiliga kamida 3-marta qon topshiruvchi) donorlar va ularning yaqin qarindoshlari (ota-onalari, turmush oʻrtogʻi, farzandlari, aka-uka va opa-singillari, turmush oʻrtogʻining ota-onalari) statsionar davolanish jarayonida, zarurat tugʻilganda, qon va uning tarkibiy qismlari bilan bepul taʼminlanadi;

 

g) donorlarni bepul ovqat bilan taʼminlash boʻyicha xarajatlarning qiymati respublika boʻyicha bir xil — mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 3 foizi miqdorida belgilanadi;

 

d) immun donorlarga oʻtkazilgan immunizatsiya va topshirilgan plazmasi uchun haq toʻlash miqdori mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining oshirilishi darajasi doirasida mutanosib ravishda indeksatsiya qilib boriladi;

 

ye) shoshilinch holatlarda donor qonining tarkibiy qismlarini tashish uchun tez tibbiy yordam xizmatidan foydalanishga ruxsat beriladi.

 

Yangi quriladigan koʻp kvartirali uylarni chiqindi toʻplash joylarisiz loyihalashtirish taqiqlanadi

 

Prezident farmoni bilan 2023-yil 1-yanvardan boshlab:

 

yangi quriladigan koʻp kvartirali uylarni chiqindi toʻplash joylarini belgilamasdan loyihalashtirish hamda foydalanishga qabul qilish taqiqlanadi;

 

yangi quriladigan koʻp kvartirali uylarning chiqindi toʻplash joylari ulardagi kvartiralar soniga mutanosib ravishda hamda atrofdagi mavjud chiqindi toʻplash shoxobchalari quvvati hisobga olingan holda loyihalashtiriladi.

 

Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasiga yangi qurilgan koʻp kvartirali uylar chiqindi toʻplash joylari belgilanmasdan foydalanishga qabul qilinmasligini qatʼiy nazoratga olish va taʼminlab borish vazifasi yuklanadi.

 

Yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida boʻlgan jismoniy shaxslar uchun ijtimoiy soliq summasi keskin kamaytiriladi

 

Prezident qaroriga asosan yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida boʻlgan jismoniy shaxslar uchun ijtimoiy soliq summasining eng kam miqdori oyiga BHMning 50 foizidan yiliga BHMning bir baravarigacha kamaytiriladi (bundan savdo majmualari va bozorlarda faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida boʻlgan jismoniy shaxslar mustasno).

 

Yakka tartibdagi tadbirkorlarga murakkab boʻlmagan umumiy qurilish va qurilish-taʼmirlash ishlarini amalga oshirishga ruxsat etiladi

 

Prezident qaroriga koʻra, 2023-yil 1-yanvardan boshlab quyidagilarga ruxsat etilsin:

 

yakka tartibdagi tadbirkorlarga murakkab boʻlmagan umumiy qurilish va qurilish-taʼmirlash ishlari (beton quyish, boʻyoqchilik, suvoqchilik ishlari, gʻisht va kafel terish, perforatsiya, duradgorlik, chilangarlik va boshqa umumiy qurilish ishlari)ni, shu jumladan yuridik shaxslar uchun ham bajarishga;

 

qurilish-pudrat tashkilotlariga umumiy qurilish ishlarini bajarish uchun shartnoma asosida yakka tartibdagi tadbirkorlarni jalb qilishga.

 

Bunda, yakka tartibdagi tadbirkorlarga umumiy qurilish ishlarini bajarish uchun 5 nafargacha xodimlarni yollashga ruxsat etiladi;

 

umumiy qurilish ishlarini bajarish faoliyati bilan shugʻullanayotgan hamda kamida 3 nafar xodimni yollagan yakka tartibdagi tadbirkorga Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan mehnat qurollari va asbob-uskunalarni sotib olishga subsidiya ajratiladi. Bunda, subsidiya miqdori bitta xodim uchun BHMning 15 baravaridan oshmasligi lozim.

 

Shahar yoʻlovchilar transportida ayrim toifadagi fuqarolarga bepul yurish huquqini beruvchi imtiyozli transport kartalari beriladi

 

Hukumat qaroriga asosan shahar yoʻlovchilar transportida ayrim toifadagi fuqarolarga bepul yurish huquqini beruvchi imtiyozli transport kartalarini berish bosqichma-bosqich:

 

Toshkent va Samarqand shaharlarida — 2023-yil 1-yanvardan boshlab;

 

respublikaning barcha shaharlarida — 2023-yil 1-maydan boshlab amalga oshiriladi.

 

Tugʻilganlikni tibbiyot muassasalari orqali FHDYO boʻlimlarida qayd etish tartibi joriy etiladi

 

Hukumat qaroriga asosan tugʻilganlikni tibbiyot muassasalari orqali fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimlarida qayd etish tartibi 2023-yil 1-yanvardan Toshkent shahrida, 2023-yil 1-iyundan esa butun respublika hududida joriy etiladi.

 

Elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini qurish ragʻbatlantiriladi

 

Prezident qarori bilan 2023-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvarga qadar:

 

elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari hamda ular oʻrnatilgan avtomobil toʻxtash joylari joylashgan yer uchastkalari yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻidan, shuningdek, elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari yuridik shaxslarning mol-mulk soligʻidan;

 

asosiy faoliyat turi transport vositalarini quvvatlantirish xizmatini koʻrsatish (ushbu faoliyat turi boʻyicha tushumning umumiy realizatsiya qilish hajmidagi ulushi 50 foiz va undan yuqori) boʻlgan tadbirkorlik subyektlari foyda soligʻidan;

 

transport vositalarini quvvatlantirish xizmatini koʻrsatishdan olingan daromad aylanmadan olinadigan soliqdan;

 

belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha xorijdan olib kelinadigan elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari, ularning komponentlari va servis infratuzilmasi uchun texnologik asbob-uskunalar bojxona bojidan ozod qilinadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//