Oʻzbekistonda hokimlarga nisbatan ishonchsizlik votumi taqdim etish tartibi joriy etilishi kutilmoqda

Saqlash
14:21 / 29.12.2022 783 0

Oʻzbekistonda hokimlarga nisbatan ishonchsizlik votumi taqdim etish tartibi joriy etilishi kutilmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasida koʻzda tutilgan.

 

Jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilingan qonun loyihasiga koʻra, Mahalliy ijroiya hokimiyati toʻgʻrisidagi qonun birinchi bobiga Mahalliy ijroiya hokimiyatining rahbariga nisbatan ishonchsizlik votumi deb nomlangan 7-modda kiritilmoqda.

 

Ushbu moddada Xalq deputatlari kengashlarining deputatlari umumiy sonining kamida beshdan bir qismi hokimga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish taklifi bilan chiqish huquqiga egaligi belgilangan.

 

Hokimga nisbatan ishonchsizlik votumini qabul qilish uchun quyidagilar asos boʻladi:

 

xalq deputatlari kengashlari tomonidan tasdiqlangan hududni rivojlantirish boʻyicha dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning kamida uchdan bir qismi bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmaganligi;

 

hokim tomonidan xalq deputatlari kengashlari vakolati doirasida berilgan qonuniy talablar ikki martadan ortiq bajarilmaganligi;

 

hokim tomonidan davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalarini buzilganligi;

 

hokim yoki uning oʻrinbosarlari tomonidan davlat xaridlarini amalga oshirishda manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyganligi, shuningdek, mahalliy budjet mablagʻlarini sarflashda qonunchilik talablari buzilganligi.

 

Ishonchsizlik votumi tegishli xalq deputatlari Kengashlari tomonidan 10 kun muddat ichida navbatdan tashqari sessiyasida koʻrib chiqiladi va deputatlar umumiy sonining kamida yarmidan koʻpi ovoz bergan taqdirda qabul qilingan hisoblanadi.

 

Qabul qilingan ishonchsizlik votumi xalq deputatlari Kengashining raisi tomonidan besh kunlik muddat ichida hokimni lavozimidan ozod uchun tegishlicha prezidentga yoki yuqori turuvchi hokimga yuboriladi.

 

Hokimga nisbatan ishonchsizlik votumi qabul qilingan holatda prezident yoki yuqori turuvchi hokim 10 kunlik muddat ichida hokimni lavozimidan ozod etish yoki ishonchsizlik votumini rad etish masalasini koʻrib chiqadi.

 

Hokimni lavozimidan ozod etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, uning oʻrinbosarlari ham isteʼfoga chiqariladi.

 

Ishonchsizlik votumi rad etilganda, tegishli xalq deputatlari kengashi 6 oydan soʻng hokimga nisbatan takroran ishonchsizlik votumini qabul qilib, yana prezident yoki yuqori turuvchi hokimga yuborishi mumkin.

 

Qonun loyihasi muhokamasi 11-yanvargacha davom etadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//