Sanʼatshunos Dilfuza Rahmatullayeva vafot etdi

Saqlash
10:12 / 28.12.2022 1525 0

Sanʼatshunoslik fanlari doktori, professor, OʻzRFA Sanʼatshunoslik instituti bosh ilmiy xodimi  Dilfuza Rahmatullayeva vafot etdi.

 

Dilfuza Rahmatullayeva – 1962-yili Toshkent shahrida tavallud topgan. 1984-yilda ToshDUning (hozirda Mirzo Ulugʻbek nomidagi OʻzMU) oʻzbek filologiyasi fakultetini tugatgan. 2000–2003-yillarda Sanʼatshunoslik instituti doktoranturasida tahsil olgan. 1993-yilda “Oʻzbek dramaturgiyasida tarixiy drama taraqqiyoti va shoiralar siymosi talqini” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, sanʼatshunoslik fanlari nomzodi, 2005-yil “XX asr oʻzbek dramaturgiyasi va teatr sanʼatida tarixiy drama (shakllanish va rivojlanish muammolari)“ mavzusidagi sanʼatshunoslik fanlari doktori ilmiy darajasini olgan. 2018-yilda OʻzR OAK qaroriga koʻra unga professor unvoni berilgan.

 

Rahmatullayeva faoliyatini 1988-yilda Sanʼatshunoslik ilmiy-tadqiqot institutida katta laborant vazifasida boshlagan. Bugungi kunga qadar mazkur institutda ilmiy xodim, 1998–2001-yillarda “Sanʼat” jurnalining oʻzbek tilidagi soniga masʼul sifatida, 2001–2005-yillarda OʻzMU “Sanʼatshunoslik” kafedrasida dotsenti, 2006–2018-yillarda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektor, Tasviriy sanʼat fakulteti “Teatr bezagi rangtasviri” kafedrasi professori, 2018–2021-yillarda OʻzFA  Sanʼatshunoslik instituti ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari lavozimlarida faoliyat olib borgan. Hozirgacha u ushbu institutning “Teatr va xoreografiya” boʻlimi bosh ilmiy xodimi lavozimida xizmat qilib kelayotgandi.

 

Dilfuza Rahmatullayeva koʻplab monografiya, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar hamda oʻzbek dramaturgiyasi va teatr sanʼatiga bagʻishlangan 250 ga yaqin ilmiy, badiiy-tanqidiy, maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishdagi maqolalar eʼlon qilgan. Shuningdek, u Qirgʻiziston Teatr sanʼati akademiyasining akademigi hisoblangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish