Siyosat
Senatning o‘ttiz oltinchi yalpi majlisida «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi qonun ko‘rib chiqildi, deya xabar bermoqda yuqori palata matbuot hizmati.
Qonun Ichki ishlar vazirligi tomonidan huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid davlat siyosatini samarali ro‘yobga chiqarish, mazkur jabhadagi munosabatlarni to‘liq tartibga solishni ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
«Qonun ijodkorligida shoshma-shosharlikka, yuzakichilikka, hamma uchun majburiy bo‘lgan qoidalarni shunchaki, yetarli asoslarsiz belgilab ketishga zinhor yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi Qonun ham bu talabdan mustasno emasligiga e’tibor qaratildi», — deyiladi Senat xabarida.
Qonun 8 ta bob va 88 ta moddadan iborat bo‘lib, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan soha mutaxassislari, ekspertlar, olimlar ishtirokida o‘tkazilgan muhokamalar uni qayta ko‘rib chiqish lozimligini ko‘rsatgani qayd etildi.
Senatorlar qonundagi qator normalar amaldagi boshqa qonunlar, jumladan huquqbuzarliklar profilaktikasi bilan bevosita yoki bilvosita bog‘liq bo‘lgan qoidalarga nomuvofiq, hatto ba’zi o‘rinlarda zid va qarama-qarshi ekanini bildirgan.
Xususan, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan soha mutaxassislari, ekspertlar, olimlar ishtirokida mazkur qonun yuzasidan o‘tkazilgan muhokamalar uni qayta ko‘rib chiqish lozimligini ko‘rsatganini ta’kidlandi.
Senator Kutbiddin Burxonov qayd etishicha, qonunning 19-moddasida sog‘liqni saqlash muassasalarining huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi vakolatlari sifatida voyaga yetmagan shaxslar o‘rtasida alkogol va tamaki mahsulotlari, iste’mol qilinishining profilaktikasiga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, alkogol ta’sirida mast holatda bo‘lgan voyaga yetmagan shaxslarni kecha-kunduz qabul qilish va ularga tibbiy yordam ko‘rsatish belgilab berilmoqda.
Yalpi majlis davomida muhokama qilingan boshqa bir ya’ni, «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida»gi qonunda esa yigirma bir yoshga to‘lmagan shaxslar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir etish subyektlari sifatida belgilangan.
Har ikkala qonundagi mazkur o‘zaro nomuvofiqlik bartaraf etilishi zarurligiga, ya’ni, voyaga yetmaganlar va yigirma bir yoshgacha bo‘lgan shaxslar bilan bog‘liq munosabatlarga har ikkala qonunda yagona va maqbul yondashuvni ifoda etish lozimligi senatorlar tomonidan qayd etildi.
Qonunning 3-moddasida «voyaga yetmagan nazoratsiz shaxs» tushunchasiga voyaga yetmagan shaxsning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari uni ta’minlash, tarbiyalash va unga ta’lim berish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlaganligi yoki ularni lozim darajada bajarmaganligi oqibatida xulq-atvori nazoratsiz qolgan, voyaga yetmagan shaxs deb ta’rif berilmoqda.
Konstitutsiyaning 64-moddasida ota-onalar zimmasiga o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalash majburiyati yuklatilgan. Shu boisdan qonunda voyaga yetmagan nazoratsiz shaxs bo‘yicha berilayotgan tushunchaning Konstitutsiyaning 64-moddasiga muvofiqligini qayta ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Qonunning 43-moddasida rasmiy ogohlantirishning shakli Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanishi qayd etilmoqda. Amaldagi normalarda esa, rasmiy ogohlantirishning shakli Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi belgilangan. Biroq, qonunda ushbu vakolatning nima uchun hukumatdan vazirlikka olib berish ko‘zda tutilayotganini mutaxassislar ham, qonun tashabbuskorlari ham dastlabki muhokamalarda asoslab bera olmagani aytildi.
Qayd etilishicha, bunday yondashuv teng maqomdagi vazirlik va idoralar uchun bir vazirlik tomonidan umummajburiy bo‘lgan protsessual yoki rasmiy tusga ega hujjat shakli tasdiqlanishiga olib kelishi ustuvor normalarga mutlaqo ziddir. Qolaversa, qonunning 32-moddasida Bosh prokuratura huquqbuzarliklar profilaktikasiga doir faoliyatni muvofiqlashtiruvchi yagona davlat organi etib belgilanmoqda.
«Bu qonun inson huquqlari, manfaatlari, qadr-qimmatiga bevosita daxldor. Mana masalan, profilaktika suhbati, degan tushuncha belgilanyapti. Juda yaxshi amaliyot. Lekin, bunday suhbat qancha vaqt davom etishi kerak, degan savolga aniq javob yo‘q. Profilaktik suhbat o‘tkazyapmiz, deb odamlarni besamar ushlab turish, vaqtini olish mutlaqo noto‘g‘ri. Vaholanki, ko‘pgina davlatlarning mazkur yo‘nalishga oid qonunchiligida bu jihatlar aniq ko‘rsatilgan. Shu kabi ayrim normalardagi kamchiliklarga ko‘z yumib bo‘lmaydi. Qonunning shu ko‘rinishda qabul qilinishi ertaga yanada jiddiyroq muammolarga sabab bo‘lishi mumkin», — dedi Senat raisi Tanzila Narbayeva.
Senatorlar tomonidan mazkur qonun jiddiy qayta ko‘rib chiqishga muhtoj va uning hozirgidek holatda ma’qullanishi amaliyotda samaradan ko‘ra, ko‘proq muammo tug‘dirishi ta’kidlandi. Qonun senatorlar tomonidan rad qilindi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q