“Dok-1 MAKS” dorisi bilan bogʻliq gumonlanuvchilar DXX tomonidan hibsga olindi

Saqlash
14:07 / 28.12.2022 1393 0

Davlat xavfsizlik xizmati 18 bolaning oʻlimi bilan yakunlangan “Dok-1 MAKS” dorisi bilan bogʻliq voqealar boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatdi.

 

Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasiga tegishli mazkur dori vositasi mamlakatimizga “Quramax Medical” MCHJ tomonidan savdoga chiqarilgan. Preparat uy sharoitida bolalarga shifokor retseptisiz shamollashga qarshi vosita sifatida notoʻgʻri qoʻllanilgan.

 

SSVning laborator oʻrganishlariga koʻra, bu siropning tarkibida mavjud boʻlgan “etilenglikol” moddasi bemor salomatligida jiddiy salbiy oʻzgarishlarni keltirib chiqaradi. Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi xulosasiga koʻra, “Dok-1 MAKS” siropi meʼyoriy hujjatda belgilangan talablarga javob bermaydi.

 

Holat yuzasidan DXXning Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax medical” MCHJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchilar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//