Oʻzbekistonda Qatar elchixonasi ish boshlaydi

Saqlash
15:12 / 27.12.2022 1131 0

Oʻzbekiston TIV rahbari Vladimir Norov Qatarning favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Hasan Hamza Hoshimni qabul qildi. 2023-yildan boshlab Toshkentda Qatar elchixonasi ish boshlaydi. Uchrashuvda ikki davlat munosabatlarining siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalardagi munosabatlari muhokama qilindi.

 

27-dekabr kuni Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Qatarning mamlakatdagi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Hasan Hamza Hoshimni qabul qildi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

 

Vazir ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilib olar ekan, elchini lavozimga kirishgani bilan tabrikladi va uning masʼuliyatli faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi. Ikki davlat munosabatlarining siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

 

Oʻzbekiston va Qatar koʻp qirrali ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun salmoqli salohiyatga ega ekani taʼkidlandi. Tomonlar ikki tomonlama siyosiy muloqot faollashganini qayd etib, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalardagi hamkorlikni sezilarli darajada oshirish tarafdorligini bildirdi.

 

“Elchini lavozimga kirishishi bilan tabriklayman va professional faoliyatida muvaffaqiyatlar tilayman. Qatarning mamlakatimizda elchixonasi ochilishini esa oqishlaymiz. Ishonchim komilki, Qatar diplomatik missiyasining 2023-yildan boshlab faoliyat yuritishi ikki tomonlama hamkorlik salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarishga xizmat qiladi”, — dedi Vladimir Norov.

Shuningdek, parlamentlararo muloqotni kuchaytirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi. Madaniy-gumanitar va turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

Maʼlumot oʻrnida, shu paytga qadar Qatarning Erondagi elchisi Oʻzbekistonga, shuningdek, Oʻzbekistonning Quvaytdagi elchisi Qatar uchun masʼul boʻlib kelgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish