“Wikistipendiya marafoni”ning birinchi mavsum gʻoliblari aniqlandi

Saqlash
13:12 / 27.12.2022 1346 0

26-dekabr kuni bundan salkam 8 oy avval Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tashkil qilingan “Wikistipendiya marafoni”ning birinchi mavsum yopilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Yoshlar ishlari agentligining rahbari Alisher Saʼdullayev, ishtirokchilar va keng jamoatchilik vakillari, jurnalist hamda blogerlar, shuningdek, oʻzbekcha Vikipediyaga hissa qoʻshib kelayotgan yosh foydalanuvchilar ishtirok etishdi.

 

 

Marosimda “Wikistipendiya marafoni”da erishilgan yutuqlar, kelajakdagi rejalar va qayd etilgan yutuqlar taʼkidlandi. Mukofot jamgʻarmasi 300 milliondan ortiq boʻlgan marafonning birinchi mavsum gʻoliblari eʼlon qilindi. Jumladan 1-oʻrin gʻolibiga 50 million va qolgan sovrindorlarga 30, 20, hamda 10 milliondan pul mukofoti taqdim etildi.

 

 

 

 

 

Maʼlumot uchun, 2020-yilning 20-mayidan 20-dekabriga qadar oʻzbekcha Vikipediyadagi maqolalari soni 76 731 taga oshib, 217 005 taga yetdi (54,67% oʻsish). Jami tahrirlar soni 948 178 taga oshib, 3 504 571 taga yetdi (37,05% oʻsish). Roʻyxatdan oʻtgan foydalanuvchilar soni esa 15 542 taga oshib, 87 706 taga yetdi (21,51% oʻsish). Shuningdek, faol foydalanuvchilar, yaʼni oxirgi 30 kun ichida kamida bitta tahrir qilgan foydalanuvchilar soni 1 549 taga oshib, 1 937 taga yetdi (399,23% oʻsish).

 

30 mingga yaqin maqola “Fountain”ga kiritildi. Marafon davomida 29 284 ta maqola “Fountain” baholash tizimiga kiritilgan boʻlib, bu maqolalarning har biri kamida 200 soʻzdan iboratdir. 2022-yilning 26-noyabr kuni oʻzbekcha Vikipediyada yaratilgan maqolalar soni 200 000 dan oshdi.

 

Oʻzbekcha Vikipediya barcha tillardagi Vikipediyalar roʻyxatida 60-oʻrindan 49-oʻringa koʻtarildi. “Wikistipendiya” marafoniga start berilgan kun Oʻzbekcha Vikipediya 140 348 ta maqola bilan barcha tillardagi Vikipediyalar orasida 60-oʻrinni egallab turgandi. Marafon 2022-yilning 20 dekabrida oʻz yakuniga yetganida maqolalar soni 217 000 ga yetib, oʻzbekcha Vikipediya 49-oʻringa koʻtarilgandi.

 

Oʻzbekcha Vikipediya turkiy tillardagi Vikipediyalar orasida 5-oʻringa koʻtarildi. Marafon davomida oʻzbekcha Vikipediya maqolalar soni boʻyicha turkiy tillar orasida turkcha, tatarcha, janubiy ozarboyjoncha va qozoqcha Vikipediyalardan keyin 5-oʻringa koʻtarildi. Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, tatarcha, janubiy ozarboyjoncha va qozoqcha Vikipediyalardagi maqolalar soni bot yordamida yaratilgan maqolalar hisobiga yuqori boʻlib, 2022-yilning dekabr oyidagi holatga koʻra, bu uch loyihaning teranligi oʻzbekcha Vikipediya teranligidan bir necha barobarga pastdir.

 

Markaziy Osiyoda ilk marotaba mahalliy Vikipediyaga tashriflar ruscha Vikipediyaga tashriflardan oshdi. 2022-yilning noyabr oyida Oʻzbekiston hududda oʻzbekcha Vikipediya koʻrishlar soni boʻyicha ruscha Vikipediyadan oʻzib ketdi. Oʻzbekistonda 2022-yilning noyabr oyida rus tilida 11,1 million sahifa koʻrilgan boʻlsa, oʻzbekchada 11,4 million sahifa oʻqildi. Markaziy Osiyoda mahalliy tilda maʼlumot koʻrish ruscha Vikipediyada oʻqishdan oʻzib ketishi birinchi marta kuzatildi.

 

Oʻzbekcha Vikipediyadagi umumiy tahrirlar soni boʻyicha rekord oʻrnatildi. 2022-yilning noyabr oyi oʻzbekcha Vikipediyaning 19 yillik tarixida eng koʻp tahrir qayd etilgan oy boʻldi. Noyabrda oʻzbekcha Vikipediyadagi barcha sahifalar foydalanuvchilar tomonidan umumiy hisobda 244 465 ming martadan oshiq tahrir qilindi. Bunga asosiy sabab “Wikistipendiya” marafoni va uning doirasida Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida yoʻlga qoʻyilgan Vikipediya taʼlim dasturi deyish mumkin.

 

Ikki marta 150 kishi uchun vikioromgoh uyushtirildi. 2022-yilning 1-avgustidan 7-avgustiga hamda 23-noyabridan 30-noyabriga qadar marafon doirasida ikki marta bir haftalik vikioromgoh tashkil etildi. Har ikki mavsumda 150 ga yaqin odam qatnashdi. Bu nafaqat mintaqada, balki global miqyosda rekorddir. Ishtirokchilar tomonidan birinchi mavsum davomida 7 509 ta, ikkinchi mavsum davomida esa 20 096 ta maqola yaratildi.

 

 

Vikipediya va unga qardosh loyihalarni tahrirlash koʻrsatilgan videodarslar 25 ming martadan koʻp koʻrildi. Marafon yoʻlga qoʻyilganidan keyin youtube.com/uzwiki kanaliga yuklangan videodarslar marafon yakuniga qadar taqriban 27 ming marta koʻrildi, kanalga mingdan oshiq odam obuna boʻldi.

 

Oʻzbekcha Vikipediya matbuotda ham keng yoritilib borildi. Marafon yoʻlga qoʻyilganidan to oʻz yakuniga yetguniga qadar oʻzbekcha va xorijiy matbuot nashrlarida rekord 60 dan ortiq maqola, post va videolavha hozirlandi. 2022-yilning dekabr oyi holatiga koʻra, “Wikstipendiya” uchun ochilgan Telegram kanalning 6 mingdan oshiq obunachisi boʻlgan, oʻzbekcha Vikipediyaning savol-javob guruhiga esa 800 dan oshiq odam aʼzo boʻlgan. Shuningdek, 2022-yilning 14–16-oktabrida Shimoliy Makedoniyaning Ohrid shahrida boʻlib oʻtgan Markaziy va Sharqiy Yevropa anjumanida “Wikistipendiya” anjumani yutuqlari haqida xalqaro vikimediachilar oldida taqdimot qilindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish