Shavkat Mirziyoyev Turkiy kengash sammitida ishtirok etadi

Saqlash
18:07 / 09.11.2021 874 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Istanbul shahrida oʻtkaziladigan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining navbatdagi sammitida ishtirok etish uchun 11-12-noyabr kunlari Turkiya Respublikasida tashrif bilan boʻladi.

 

Boʻlajak oliy darajadagi uchrashuv kun tartibidan Kengash doirasidagi koʻp qirrali munosabatlarni, eng avvalo, savdo, investitsiyalar, “yashil” iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, transport va kommunikatsiyalar, madaniy-gumanitar almashinuv sohalaridagi aloqalarni kengaytirish masalalari oʻrin olgan. Tashkilot faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari ham koʻrib chiqiladi.

 

Sammit yakunida hamkorlik samaradorligini oshirish va ustuvor yoʻnalishlarda koʻp tomonlama sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan qoʻshma hujjatlar qabul qilinishi kutilmoqda.

 

Davlatimiz rahbari tashrifi dasturida Istanbul shahrida qator ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazilishi ham koʻzda tutilgan.

 

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi 2009-yilda ushbu tuzilmaga aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlarni har tomonlama mustahkamlash maqsadida tuzilgan.

 

Bugungi kunda Kengashga Oʻzbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston va Qirgʻiziston aʼzo. Mamlakatimiz tashkilotga 2019-yilda qoʻshildi. Vengriya Turkiy kengashda kuzatuvchi maqomiga ega.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//