Qanday bolalar tez-tez shamollaydigan guruhga kiradi? Mutaxassis javob berdi

Saqlash
16:42 / 21.12.2022 1047 0

Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi boʻlim boshligʻi Dinara Doʻstmuhammedova qanday bolalar tez-tez shamollaydigan guruhga kirishi haqidagi savolga javob berdi.

 

Uning soʻzlariga koʻra, 3 yoshgacha goʻdaklar yiliga 4 martadan koʻp, 3 yoshdan yuqori bolalar esa yiliga 6 martadan ortiq respirator kasalliklar, yaʼni OʻRVI, gripp, bronxit bilan xastalansa, ular tez-tez shamollovchi bolalar guruhiga kiradi.

 

“Goʻdaklarda kasalliklarga qarshi kurashish qobiliyati (immunitet) ona qornidayoq shakllanadi. Bir yoshgacha boʻlgan kichkintoylarda esa immunitet ona suti orqali oʻtadi.

 

Ushbu tabiiy ozuqa tarkibida qator tirik ingrediyentlar, foydali bakteriyalar, ferment va gormonlar boʻlib, ular bola tanasining turli infeksiyalarga qarshi kurashuvchanligini oshiradi. U bilan oziqlangan goʻdak shamollash, gripp, otit va yuqori nafas yoʻllari infeksiyalari hamda stomatit kabi xastaliklardan kamroq aziyat chekadi”, — deydi mutaxassis.

 

Shuningdek, tugʻilgandan soʻng bola organizmida turli infeksiyalarga qarshi immunitet profilaktik emlanish orqali ham hosil qilinadi.

 

Dinara Doʻstmuhammedova tez-tez shamollovchi bolalar doimiy ravishda shifokor nazoratida boʻlishi va kerakli muolajalarni olishi zarurligini qoʻshimcha qilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//