Maʼnaviy-maʼrifiy sohaning bir guruh faollariga “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishoni topshirildi

Saqlash
00:18 / 19.12.2022 1500 0

16-dekabr kuni Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati tomonidan “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishoni topshirishga bagʻishlangan tantanali marosim oʻtkazildi.

 

Tadbirda mamlakatimiz maʼnaviy-maʼrifiy hayotida eng muhim oʻrin egallagan, ushbu soha rivojida oʻzining fidokorona mehnatlari orqali munosib hissa qoʻshib kelayotgan 96 nafar nomzodga “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishoni topshirildi.

 

 

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari, senator Minhojiddin Mirzo tantanali marosimni ochib berar ekan, mamlakatimizda maʼnaviy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning mazmun-mohiyatini haqida atroflicha toʻxtalib, bu borada jonkuyar fidoyi ziyolilarimizning hissalari beqiyos ekanini taʼkidladi.

 

– Har qanday jamiyatning eng mustahkam ustuvor poydevorlaridan biri bu – maʼnaviyatdir. Chunki aynan vatanparvarlik, ezgu fazilatlar, fidoyilik, milliy qadriyatlar ham mana shu poydevor ustida shakllanadi. Davlatimiz rahbari buning mohiyatini shunday ifoda etib beradilar: “Agar jamiyat tanasi iqtisodiyot boʻlsa, jon-u ruhi bu maʼnaviyatdir”. Bugun mamlakatimizda sohaga qaratilayotgan eʼtibor, davlatimiz rahbarining tegishli qaror va farmonlari, yaratilib berilayotgan sharoitlar bois maʼnaviyat sohasida yangi tizim tashkil etildi. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi butun vazirlik, idoralardagi maʼnaviy-maʼrifiy faoliyatni muvofiqlashtirishga koʻmaklashuvchi katta tashkilotga aylandi. Markaz tomonidan joriy yilda 105 dan ziyod vazirlik, idora va tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilinib, viloyatlarda ikki mingdan ortiq yoʻl xaritalari tuzildi. Aynan mana shu sohada tashabbuskorlik, fidoyilik bilan yangilikka intilib faoliyat yuritayotgan masʼullarni eʼtirof etish, ragʻbatlantirish maqsadida “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishoni taʼsis etildi. Bu mukofot nomining oʻziyoq mohiyatida qanchalik zahmatlar yotganini, masʼuliyat zalvorini anglatib turibdi. Eʼtiborlisi esa yildan yilga mana shu mukofot egalari koʻpaymoqda, – dedi Minhojiddin Mirzo.

 

Darhaqiqat, mamlakatimizda keyingi yillarda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, sohada olib borilayotgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish borasida alohida tizim yaratildi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2019-yil 3-maydagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-oktabrdagi “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi qarorlari qabul qilindi.

 

Mazkur qarorlar asosida koʻkrak nishoniga tavsiya etilgan nomzodlarni taqdirlash uchun tanlab olish maqsadida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari boshchiligida vazirlik, idoralar va tashkilotlar rahbarlaridan iborat nufuzli komissiya tashkil etilgan. Ushbu komissiya zimmasiga oʻz mehnati, ilmiy, jamoat ishi, mehnatsevarligi va vatanparvarligi bilan jamoatchilik hurmatiga sazovor boʻlgan, fidokorona mehnat qilgan va samarali natijalarga erishgan fuqarolarni “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash vazifasi yuklatilgan. 2020–2021-yillar mobaynida mamlakatimizda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni amalga oshirish, yuksak ijtimoiy-maʼnaviy muhitni shakllantirish borasida fidokorona mehnat qilgan va samarali natijalarga erishgan 132 nafar maʼnaviyat fidoyilari mazkur mukofot bilan taqdirlangan.

 

Joriy yilda nomzodlarni koʻkrak nishoni bilan taqdirlashda uning aholi oʻrtasida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni yuksaltirishga bagʻishlangan ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlari soni, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni amalga oshirish, jamiyatda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar hamda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni shakllantirishni targʻib qilish boʻyicha turli innovatsion samarali usullarning ishlab chiqilgani inobatga olindi. Komissiya ushbu 500 nafarga yaqin tavsiya etilgan nomzodlardan eng munosib koʻrilgan 96 nafarini “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga qaror qabul qildi.

 

 

Tadbirda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati tomonidan 2022-yil mobaynida amalga oshirilgan ishlar hisobot roligi namoyish etildi. Mazkur rolikda tashkilotlarning joriy yilgi faoliyati haqida batafsil maʼlumot berildi.

 

Taʼkidlash joizki, shu yilning may-dekabr oylarida “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida respublikamiz boʻylab “Maʼnaviyat festivali” oʻtkazildi. Shuningdek, festival doirasida 103 nafar millatimiz gʻururi boʻlgan qahramonlar hayoti va faoliyati aks ettirilgan “Oʻzbekiston Qahramonlari” kitobining hududlarda oʻtkazilgan taqdimoti davomida 54 nafar qahramonlar va ularning oila aʼzolariga kitob-albom va esdalik sovgʻalari topshirildi. Tadbirlarda 3 ming 500 nafar maʼnaviyat fidoyilari, olimlar, ziyolilar hamda oliy taʼlim muassasalari talabalari va yoshlar ishtirok etdi. Shuningdek, “Ziyolilar forumi” doirasida 1200 nafardan ortiq maktablardagi ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchilar, oliy taʼlim muassasalarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha masʼullari, olimlar, professor-oʻqituvchilar qamrab olindi. Joriy yil 22–25-avgust kunlari Toshkent shahrida “Maʼnaviyat festivali” doirasida “Uchinchi renessans – maʼrifatli jamiyat sari!” mavzusida oʻtkazilgan Respublika ilmiy-amaliy anjumanida hududlardan 130 nafar taniqli olimlar, ziyolilar, professor-oʻqituvchilar, shoir va yozuvchilar ishtirok etdi.

 

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda “Kitob karvoni” loyihasida 7 ta hududda 50 mingdan ortiq oʻzbek va jahon adabiyotining eng sara namunalari joylardagi taʼlim muassasalari, maʼnaviyat maskanlari, kutubxonalar shuningdek, aholi vakillariga tarqatildi. Turli sohalarda katta yutuqlarga erishayotgan, xalqaro fan olimpiadalari va sport musobaqalarida yuqori oʻrinlarni egallagan yoshlar va ularning ota-onalari “Mening farzandim Oʻzbekiston faxri!” loyihasi doirasida munosib taqdirlandi.

 

Joylarda Maktabgacha taʼlim vazirligi bilan hamkorlikda tayyorlangan “Zukko bolajon!” fotoalbomi taqdimoti boʻlib oʻtdi hamda viloyatlardagi maktabgacha taʼlim muassasalariga fotoalbomdan joy olgan devoriy lavhalar va bolalar adabiyotining eng sara durdonalari, fotoalbomi taqdim etildi. Shu bilan birga 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan oʻtkazilgan “Baxtli bolalik sharafiga” loyihasida 4000 nafardan ortiq “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oila vakillari uchun xayriya konserti namoyish etildi.

 

“Mehr-muruvvat va saxovat”, “Inson qadri” loyihalari doirasida Muruvvat uylari, tibbiyot muassasalarida davolanayotgan bemorlar, ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda taʼlim olayotgan oʻquvchilar holidan xabar olinib, ularga 3500 dan ortiq jahon va oʻzbek adabiyoti namunalari, 1500 dan ziyod sovgʻalar toʻplami hamda 1500 nafardan ortiq ehtiyojmand oila farzandlariga 19 turdagi oʻquv qurollari jamlanmasi berildi. “Maʼrifat tur” loyihasida “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oila vakillarining tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolarga tashrifi amalga oshirildi. Hududlarda “Maʼnaviyat kubogi” loyihasi davomida futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat, shashka sport turlari boʻyicha musobaqalar tashkil etildi.

 

Tadbir davomida joriy yil mobaynida tashkil etilgan maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot tadbirlarida faol ishtirok etgan bir guruh “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzolari ham taqdirlanishdi. Sanʼatkorlar tomonidan ijro etilgan mumtoz kuy-qoʻshiqlar barchaga xush kayfiyat baxsh etdi.

 

 

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//