Tibbiyot xodimi faoliyatiga toʻsqinlik qilganlarga javobgarlik belgilanyapti

Saqlash
17:53 / 16.12.2022 1478 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida deputatlar “Tibbiyot xodimi qonuniy tibbiy faoliyatiga toʻsqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini koʻrib chiqdi.

 

Amaldagi qonunchilikda xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimiga nisbatan turli shaklda qonunga xilof ravishda taʼsir oʻtkazganlik, tibbiy yordam koʻrsatish bilan bogʻliq faoliyatiga toʻsqinlik qilganlik uchun toʻgʻridan toʻgʻri javobgarlik belgilanmagan. Bu kabi omillar amaliyotda turli muammolarni keltirib chiqarmoqda.

 

Ushbu hujjatda tibbiyot xodimi qonuniy tibbiy faoliyatiga toʻsqinlik qilish bilan bogʻliq holatlarda javobgarlik, mazkur ish taalluqliligi va uni koʻrib chiqish muddatlari oʻz aksini topmoqda. Xususan, tibbiyot xodimi qonuniy tibbiy faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga turli shaklda qonunga xilof ravishda taʼsir oʻtkazish uchun maʼmuriy javobgarlik fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdori besh baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olish belgilanmoqda.

 

Deputatlarning taʼkidlashicha, qonun loyihasi qabul qilinishi tibbiyot xodimlari huquqlarini himoya qilishga va ular kasbiy faoliyatiga turlicha aralashuvlar oldini olish, fuqarolarga oʻz vaqtida va sifatli tibbiy yordam koʻrsatilishiga xizmat qiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//