Odamlarni rozi qilishga intilmagan tuman hokimlarining ishlashga haqqi yoʻq – Shavkat Mirziyoyev

Saqlash
23:01 / 15.12.2022 1634 0

Prezident raisligida videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda. Yigʻilishda aholiga tarqatish uchun belgilangan 100 ming gektar yerning 4 ming gektarida ekin ekilmagani koʻrsatib oʻtildi. Xususan, Kosonda – 1,2 ming gektar, Bekobodda – 141 gektar, Nishonda – 123 gektar, Gʻuzorda – 116 gektar, Sariosiyo, Ellikqalʼa va Shumanayda – 90 gektardan yerlarda ekin ekilmagan.


“Odamlarimizni daromadli qilish maqsadida bu yerlarni oziq-ovqat ekish uchun boʻlib berdik. Qachon bunday boʻlgan? Lekin, tayyor ekin yeriga ega topa olmagan tuman hokimi oʻzi nima ish qiladi?”, dedi Prezident.


Tegishli hududlar rahbarlariga ushbu 7 ta tuman hokimlari boʻyicha taklif berish topshirildi.


Oʻtgan davrda sanoat ishlab chiqarish hajmi 15 ta tumanda pasaygan. Xizmatlar sohasida ham 15 ta tumanda oʻsish surʼatlari past.


“Mayli, bular sanoatni qila olmasin, chetdan investitsiya olib kelishni bilmasin, lekin xizmatlarni rivojlantirib, odamlarni rozi qilishga intilmagan tuman hokimlarining ishlashga haqqi yoʻq”, dedi davlatimiz rahbari.


Bu tumanlar hokimlarining 1-oʻrinbosarlari, iqtisodiy idoralar rahbarlari faoliyatiga baho berish topshirildi.


Kelgusi yilda 2 million aholiga daromad manbaini yaratib berish, bunda mehnat bozoriga kirib keladigan 700 ming nafar yoshlarni band qilishga alohida yondashuvlar joriy qilish, bugungi kunda mavsumiy va vaqtinchalik ishlar bilan band boʻlgan 1,7 milliondan ortiq aholini yil davomida ishlashiga sharoit qilib berish, norasmiy band boʻlgan 3,8 million aholining kamida 50 foiziga qonuniy faoliyat yuritishi uchun imkoniyatlar yaratish kabi vazifalar belgilab berildi.


Oʻn kun muddatda aniq hisob-kitoblar bilan 2023-yil uchun aholi bandligi boʻyicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//