Chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshiruvchi korxonalarga bir qator imtiyozlar berildi

Saqlash
21:52 / 15.12.2022 1163 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasiga qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi. Maʼlumotlarga koʻra, mazkur qonun loyihasi Davlat ekologiya qoʻmitasi tomonidan ishlab chiqilgan. Majlisda qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilindi.

 

Xoʻsh, ushbu qonun qaysi tamoyillar asosida ishlab chiqildi? Qonun ijrosida qanday yangiliklar amalga oshiriladi? Ushbu savollarga Davlat ekologiya qoʻmitasining Chiqindilar bilan ishlash sohasidagi metodologiya va normativ hujjatlarni ishlab chiqish boʻlimi bosh mutaxassisi Otabek Rahbarov javob berdi.


Qonun loyihasida Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasini hisobot davri yakunlari boʻyicha jami daromadning umumiy hajmida chiqindilarni toʻplash, olib chiqib ketish, saralash va qayta ishlash faoliyatidan olgan daromadlarining ulushi 90 foizdan kam boʻlmagan soliq toʻlovchilar tomonidan 2026-yil 1-yanvarga qadar ushbu faoliyat turi boʻyicha foyda soligʻi va ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdoridagi soliq stavkalari boʻyicha toʻlashini nazarda tutuvchi yangi qism bilan toʻldirish taklif etilmoqda. Bunda tijorat banklarida joylashtirilgan mablagʻlardan olingan foizlardan hisoblanmaydi. Qonun loyihasi berilayotgan ushbu imtiyoz natijasida sohada faoliyat yurituvchi korxonalar ixtiyorida yillik 26,3 milliard soʻm qoʻshimcha daromad hosil boʻlishi kutilmoqda.

 

Bugungi kunda respublika boʻyicha sanitar tozalash korxonalari soni 137 tani tashkil qilib, ular daromadining umumiy hajmida chiqindilarni toʻplash, olib chiqib ketish, saralash va qayta ishlash faoliyatidan olingan daromadning ulushi 90 foizdan yuqorini tashkil etmoqda.

Soliq kodeksining 337, 483-moddalariga muvofiq muayyan faoliyat yoʻnalishlardagi soliq toʻlovchilarga tegishli (asosiy) faoliyat turlaridan olingan daromadlari jami yillik daromadining kamida 90 foizini tashkil etishi sharti bilan soliq imtiyozlari belgilangan.

Taklif etilayotgan qonun loyihasi chiqindilarni toʻplash, olib chiqib ketish, saralash va qayta ishlash faoliyatini yurituvchi ixtisoslashtirilgan subyektlarni qoʻllab-quvvatlash orqali ular faoliyatini barqarorlashtirish, sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish hamda qoʻshimcha ish oʻrinlarining yaratilishiga xizmat qiladi.


Bu esa oʻz navbatida aholi punktlarining sanitariya va ekologik holatini yaxshilash, chiqindilarning fuqarolar sogʻligʻiga zararli taʼsirini oldini olish, aholi turmush darajasi va sifatini oshirish barobarida mamlakatda ekologik barqarorlikni taʼminlash imkonini beradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//