Jamiyat
Qarshi davlat universiteti talabasi viloyat hokimi Murodjon Azimov bilan uchrashuvda bildirilayotgan nooʻrin tanqidlarga javob qaytaruvchi blogerlar jamoasini tuzish taklifini berdi. Viloyat hokimi bu taklifni maʼqullab, talaba qiz hokimlikka ishga olinishini bildirdi.
Talaba qiz AOKAning viloyat boshqarmasi huzurida jamoani shakllantirish, bu orqali viloyat imijini yaxshilash mumkinligi haqida gapirgan.
“Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining viloyat boshqarmasi huzurida har bir tumanda oliy taʼlim muassasalari talabalarining koʻngilli yoshlaridan tashkil topgan yosh blogerlar jamoasini shakllantirish va ularni kerakli texnik jihozlar bilan taʼminlash, muntazam oʻquv-seminarlarni tashkil etishni taklif qilaman.
Bundan koʻzlangan asosiy maqsad nima? Yurtimizda, ayniqsa, Qashqadaryo viloyatida olib borilayotgan ijobiy oʻzgarishlarni keng xalq ommasiga targʻib qilish boʻladi. Qoʻshtirnoq ichidagi ayrim blogerlar tomonidan tanqidiy masalalarga baʼzi holatlarda notoʻgʻri tomonlama yondashilayotgani viloyatimizning baʼzi joylarida, oʻzingiz aytganingizdek, bizni xafa qiladigan darajaga yetkazyapti.
Biz shunday jamoa shakllantiraylikki, 100 ta oq narsani koʻrsatmasdan, bitta qora narsani koʻrsatayotganlar uchun ijobiy javob qaytarsin”, — degan talaba qiz.
Viloyat hokimi Murodjon Azimov esa bu taklifni eshitib, talaba hokimlikka ishga olinishini maʼlum qildi. Ushbu taklif yangragan video universitet telegram kanaliga joylandi.
Ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda koʻplab muhokamalarga sabab boʻlgach, viloyat hokimligi matbuot kotibi Ahror Sodiqov unga quyidagicha izoh berdi.
“Qizning taklifiga eʼtibor bersangiz, “AOKA viloyat boshqarmasi qoshida tashkil etsak”, degan jumlalar bor. Bu taklif, xolos.
Talaba ishga qabul qilingan taqdirda ham lavozimi doirasidagi ishni olib boradi. Masalan, hokimlikning ijtimoiy boʻlimiga ishga oʻtsa, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohasida, turizm boʻlimiga ishga oʻtsa, turizm sohasini rivojlantirish borasida ish olib boradi”, — degan Ahror Sodiqov.
Jamiyat
Jahon
Jahon
Sport
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q