Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-dekabr kuni “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi 18-avtobus saroyida boʻldi.
Jamoat transporti tizimi rivojlangani shahar hayotining eng muhim jihatlaridan biri. Lekin Toshkent shahrida bu soha hozirgi oʻzgarishlardan orqada qolmoqda. Xususan, soʻnggi yillarda koʻplab turar joylar qurildi, aholi soni oshdi, shahar hududi ham kengaydi. Poytaxtimizda kuniga 1 million 300 ming yoʻlovchi jamoat transportidan foydalanmoqda.
Bu talabga javob berish uchun “Toshshahartransxizmat” tizimida avtobuslar yetishmayapti. Borlarining ham koʻpi eskirgan. Shu sababli yoʻnalishlarga rejaga nisbatan 90-100 ta avtobus kam chiqmoqda. Koʻchalarda jamoat transporti ustuvorligi yoʻlga qoʻyilmagan. Bularning oqibatida yoʻlovchilar avtobuslarni 20-30 daqiqagacha kutishiga toʻgʻri kelmoqda.
Davlatimiz rahbari bu holatni keskin tanqid qilib, ayniqsa, hozirgidek sovuq kunlarda bunga umuman yoʻl qoʻyib boʻlmasligini taʼkidladi. Shu bois kuchaytirilgan tartibda ishlab, eng ogʻir yoʻnalishlarga qisqa muddatda qoʻshimcha avtobuslar qoʻyish boʻyicha topshiriq berdi.
Buning uchun xususiy korxonalar avtobuslari ham jalb etiladi. Ularga xarajatlarining bir qismini qoplash uchun davlat tomonidan subsidiya beriladi. Yoʻl harakati xavfsizligi xodimlari avtobuslar qatnoviga qoʻshimcha qulayliklar yaratadi.
Qatnovlar tezkorligi va xizmat sifatini taʼminlash, haydovchilarning oylik maoshlarini oshirish boʻyicha ham koʻrsatma berildi.
Shu yerda Toshkent shahrida jamoat transportini rivojlantirish masalalari boʻyicha taqdimot oʻtkazildi. Qayd etilganidek, bu yil 277 ta avtobus va elektrobus xarid qilinib, qatnovga qoʻyildi. Avtobuslar harakati va toʻlovlar tizimi raqamlashtirildi.
Bugungi kunda “Toshshahartransxizmat” tizimida 142 ta yoʻnalish bor. Yoʻlovchilar oqimining koʻpayish prognozidan kelib chiqib, jamoat transportining 167 ta yoʻnalishdan iborat yangi tarmogʻi shakllantirilgan. Bu yoʻnalishlarni taʼminlash va Toshkent shahrida jamoat transportiga boʻlgan talabni toʻliq qondirish uchun yana 1000 ta katta sigʻimli avtobus zarur. Bu orqali avtobuslarning oraliq intervalini 7-10 daqiqagacha qisqartirish mumkin.
Prezident avtobus saroyidagi transportlarni koʻzdan kechirdi. Ushbu korxona 22 ta yoʻnalish boʻyicha kuniga 74 ming yoʻlovchiga xizmat koʻrsatmoqda.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q