“Jizzax hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” masjidlardan noqonuniy tarzda ortiqcha pul undirib kelgani aniqlandi

Saqlash
17:34 / 12.12.2022 995 0

“Jizzax hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” 2019–2021-yillar mobaynida masjidlardan noqonuniy tarzda ortiqcha pul undirib kelgani aniqlandi. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi xabar berdi.

 

Maʼlum qilinishicha, qoʻmitaning Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan “Jizzax viloyati hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJning 2019–2021-yillarda isteʼmolchilarga yetkazib berilgan elektr energiyasi boʻyicha tariflarning qanchalik toʻgʻri qoʻllanilgani yuzasidan oʻrganish oʻtkazilgan.

 

Oʻrganish jarayonida “Jizzax HETK” AJ tomonidan viloyatdagi diniy tashkilotlarga, shu jumladan, masjidlarga 2019–2021-yillarda elektr energiyasi uchun belgilangan tariflar notoʻgʻri qoʻllanilgani aniqlangan.

 

Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 22-avgustdagi “Din sohasidagi maʼnaviy-maʼrifiy, taʼlim ishlari va faoliyatini yanada takomillashtirishda ijtimoiy koʻmak va imtiyozlar berish toʻgʻrisida”gi qarori va 2003-yil 10 sentabrdagi farmoyishida Oʻzbekiston hududidagi diniy tashkilotlarga 2003-yilning 1-sentabridan boshlab ularga koʻrsatiladigan kommunal xizmatlar (tabiiy gaz, ichimlik suvi, issiqlik energiyasi, elektr energiyasi, telefon, oqova suv va maishiy chiqindilarni tashish)ga toʻlovlarni aholi uchun belgilangan tariflar boʻyicha toʻlanishi qayd etilgan.

 

“Jizzax hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ tomonidan ushbu qaror talablari bajarilmaganligi natijasida 2019–2021-yillar mobaynida masjidlardan jami 58289,3 ming soʻm ortiqcha mablagʻ olingani aniqlangan.

 

Bugungi kunda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan “Jizzax HETK” AJ tomonidan notoʻgʻri hisoblangan 58 289,3 ming soʻm mablagʻlar masjidlarga qayta hisob-kitob qilish ishlari amalga oshirilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//