Davralarda o‘ynasin onam – marokashlik futbolchilar JCHda yarimfinalga chiqqanini onalari bilan nishonladi (foto)

Saqlash
21:03 / 11.12.2022 1902 0

Jahon Chempionatining chorakfinalidan oʻrin olgan Portugaliyaga qarshi oʻyindan keyin Marokash terma jamoasi futbolchilari tarixiy gʻalabani onalari bilan nishonladi.

 

Yarim himoyachi Sofian Bufal oʻyindan soʻng onasini maydonga olib chiqib, u bilan birga raqsga tushgan boʻlsa, himoyachi, terma jamoa yetakchisi Ashraf Hakimi tribunadagi onasini tomon oshiqib, quvonchini volidasi bilan baham koʻrdi. Hakimi bundan oldingi oʻyinlardagi gʻalabalardan keyin ham birinchi navbatda onasining yoniga borishi bilan koʻpchilikning eʼtiborini tortgandi.

 

 

 

 

“Onam birovlarning uyini tozalardi, otam esa koʻchada mayda-chuyda narsalar sotgan. Ular men uchun oʻzlarini qurbon qilishgan. Aka-uka va opa-singillarim ham muvaffaqiyatga erishishim uchun juda koʻp narsadan voz kechgan. Shunday ekan, har bir oʻyinda ular uchun oʻynayman”, – deydi Ashraf.

 

 

Gʻalabaga eng koʻp hissa qoʻshganlardan yana biri darvozabon Yassin Bunu esa oʻyindan keyin maydonga oʻgʻlini olib chiqib, uni maydon boʻylab oʻynatib yurdi. Ushbu harakatlar koʻplab futbol ixlosmandlari tomonidan iliq kutib olindi va olqishlarga sabab boʻldi.

 

 

 

 

Marokash terma jamoasi Jahon chempionatda tom maʼnoda sensatsiya namoyish etmoqda. Dastlab Xorvatiya, Belgiya, Kanada kabi jamoalar oʻrin olgan guruhda birinchi oʻrinni egallagan boʻlsa, nimchorak finalda Ispaniyani musobaqadan chiqarib yubordi. Shu tariqa marokashliklar Jahon Chempionati yarim finaliga chiqqan ilk Afrika jamoasi boʻldi. Jamoa musobaqadagi 5 ta oʻyinda atigi bitta gol oʻtkazib yubordi. Uni ham marokashlik futbolchi oʻz darvozasiga urgan.

 

 

 

Endilikda Marokash 14-dekabr kuni yarimfinalda amaldagi jahon chempioni fransuzlar bilan toʻqnash keladi. Ikkinchi yarim finalda Argentina 13-dekabr sanasida Marokash bilan bir guruhda oʻynagan Xorvatiya bilan bahs yuritadi. Final 18-dekabrga belgilangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//