Moskva jamoat transportida o‘zbek tilida Rossiya Qurolli kuchlarida xizmat qilishga chaqiruvchi e’lon surati tarqaldi

Saqlash
17:11 / 09.12.2022 1684 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Moskva jamoat transportida oʻzbek tilida Rossiya Qurolli kuchlarida xizmat qilishga chaqiruvchi eʼlon surati tarqaldi.

 

Unda Rossiya Qurolli Kuchlarida shartnoma boʻyicha harbiy xizmatga kirganlar mamlakat prezidenti farmoniga muvofiq soddalashtirilgan tartibda Rossiya fuqaroligini olishi mumkinligi qayd etiladi.

 

 

Surat Moskvada harakatlanuvchi yoʻlovchi avtobusda 7-dekabr kuni olingani aytilmoqda. Yozuvlar, shuningdek, oʻzbek tilidan tashqari ketma-ket tojik va qirgʻiz tillarida ham chiqadi.

 

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyada vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston fuqarolarini ogohlikka chaqirdi.

 

“Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston fuqarolaridan Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi ziddiyatli hududlarga jalb qilish haqidagi daʼvatlarga ergashmaslikni, ziddiyatli hududlarga bormaslikni va harbiy harakatlarda ishtirok etmaslikni soʻraymiz”, — deyiladi agentlik xabarida.

 

Agentlik Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 154-1-moddasida chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga oʻxshash boshqa organlariga xizmatga yollanish 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi koʻzda tutilganini eslatib oʻtgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//