Oʻzbekiston tarixida ilk bor 400 ga yaqin mahkum afv etildi

Saqlash
20:12 / 07.12.2022 1440 0

Oʻzbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan Shavkat Mirziyoyev afv toʻgʻrisidagi hujjatni imzoladi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov “Gazeta.uz”ga maʼlum qilgan.

 

“Mustaqil Oʻzbekiston tarixida ilk bor tuzalish yoʻliga qaytgan 400 ga yaqin mahkum afv etilmoqda. Bu haqdagi tegishli farmon bugun eʼlon qilinadi”, – dedi u.

 

7-dekabr kuni prezident xalqqa anʼanaviy bayram tabrigi bilan murojaat qiladi. Televideniye orqali yubiley sana munosabati bilan maxsus tashkillashtirilgan tantanali konsert dasturi ham namoyish etiladi.

 

Asadovning qayd etishicha, prezidentning 7-dekabrdagi ish jadvalida Konstitutsiya kuni munosabati bilan alohida tantanali marosim rejalashtirilmagan edi.

 

Prezident matbuot kotibining qoʻshimcha qilishicha, shu kunlarda prezident huzurida mamlakatning kelgusi taraqqiyoti uchun moʻljallangan aniq maqsad va vazifalarni ishlab chiqish, kelib tushgan taklif va tashabbuslarni muhokama qilish boʻyicha faol ish olib borilmoqda.

 

“Ular yaqin vaqt ichida Oʻzbekiston parlamenti va xalqiga yoʻllanishi rejalashtirilgan Murojaatnomadan oʻrin oladi. Prezident Murojaatnomada mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining kelgusi yil uchun ustuvor yoʻnalishlarini belgilab beradi, bir qator muhim islohotlar tashabbusi bilan chiqish qiladi”, – dedi Sherzod Asadov.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish