Navoiyda 450 dan ortiq kishini chuv tushirgan jinoiy guruh aniqlandi

Saqlash
13:12 / 07.12.2022 1107 0

Navoiyda odamlarning bank kartalaridan pul yechib olish bilan shugʻullangan jinoiy guruh aniqlandi. Bu haqda Kiberxavfsizlik markazi matbuot xizmati xabar berdi.

 

Maʼlumotlarga koʻra, Zarafshon shahrida yashovchi N.M. ijtimoiy tarmoqda nomaʼlum shaxs yolgʻon xabar orqali uning bank kartasi boshqaruvini qoʻlga kiritib, jami 2 mln 780 ming soʻm pullarini yechib olgani haqida xabar bergan.

 

Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu jinoyatni bir guruh shaxslar oʻzaro jinoiy til biriktirib sodir etgani aniqlangan. Jinoiy guruh aʼzolari Navoiy viloyati Xatirchi tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan A.A. va uning akasi A.Sh., Buxoro viloyati Kogon tumanida yashovchi, Tojikiston fuqarosi N.B. va uning oʻgʻli B.D. ekani maʼlum boʻlgan.

 

Aniqlangan maʼlumotlarga koʻra, guruh soxta havolalardan foydalanib, ijtimoiy tarmoqlarda yolgʻon xabarlarni tarqatib jami 454 nafar fuqaroning bank kartalari boshqaruvini qoʻlga kiritib, juda koʻp miqdordagi pullarni oʻzlashtirgan.

 

Hozirda guruh aʼzolariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish