“Sud zalida qamoqdan ozod qilindi” – Milliy universitetda yoʻqolgan nodir kitoblar ishi boʻyicha qamalgan kutubxonachiga chiqarilgan hukm oʻzgardi

Saqlash
16:39 / 07.12.2022 1275 0

6-dekabr kuni Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudi sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasida Oʻzbekiston Milliy universiteti Axborot-resurs markazi rahbari Irina Kislitsinaga oid ish yuzasidan apellyatsiya shikoyati koʻrib chiqildi. Bu haqda Toshkent shahar sudlarining rasmiy Telegram-kanalida xabar berildi.

 

Sud sudlanuvchi OʻzMUda kitoblarni oʻzlashtirganligi tasdiqlanmagan deb topdi, shuningdek, u oʻz mansab vazifalarini lozim darajada bajarmaganligi tasdiqlangani sababli tuman sudining hukmi oʻzgartirildi. Unga koʻra, sudlanuvchining harakatlarida Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandidan 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 1-qismiga qayta kvalifikatsiya qilindi.

 

Sudlanuvchiga Jinoyat kodeksining 227-moddasida nazarda tutilgan ayblovlar (hujjatlarni nobud qilish, ularga shikast yetkazish) bilan, 45-moddaga asosan tayinlangan jazolar aslicha qoldirildi.

 

Yakunda ARM rahbariga oʻtash uchun uzil-kesil 6 oy 23 kun ozodlikni cheklash va 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Universitet foydasiga 2,6 milliard soʻmdan ortiq moddiy zararni undirish qismi bekor qilindi.

 

Shuningdek, sudlanuvchining qamoqda saqlash ehtiyot chorasi bekor qilinib, sud zalida qamoqdan ozod qilindi.

 

Eslatib oʻtamiz, 2022-yil 10-oktyabr kuni jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudida Oʻzbekiston Milliy universitetining Axborot resurs markazi “Sharqiy” fondining umumiy bahosi 2 656 600 000 soʻm qiymatga ega noyob – 57 ta tarixiy qoʻlyozma asarlari, XIII-XIX asrlarga oid 12 ta toshbosma va 9 ta tarixiy hujjatlarini talon-toroj qilinib, juda koʻp miqdorda davlat manfaatlariga zarar yetkazish hamda oʻta muhim ahamiyatga ega, tarixiy-madaniy qimmatliklar haqida maʼlumot beradigan 341 ta inventar kitoblarini taqdim qilinmasligi oqibatida 45 ta noyob qoʻlyozmalar, 104 ta noyob toshbosmalarni, yaʼni davlat va jamoat tarixiy-madaniy boyliklarining yoʻqolib ketishiga sabab boʻlgani yuzasidan Oʻzbekiston Milliy universitetining Axborot resurslar markazi rahbari I. K.ga oid jinoyat ishi koʻrib chiqilib, hukm oʻqilgan edi.

 

Sud hukmi bilan Axborot resurslar markazi rahbari I. K. Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybli deb topilib, 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan va 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//