“Bu ob-havoda rejali cheklovlar kiritmasak, ertaga bundan-da jiddiyroq talafot boʻlishi mumkin” – Energetika vaziri

Saqlash
10:12 / 07.12.2022 1207 0

Oʻzbekiston bosh vaziri oʻrinbosari – energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov energotaʼminotdagi uzilishlar yuzasidan izoh berdi. Unga koʻra, hozirgi ob-havo sharoiti yana-da jiddiyror talafotlarning oldini olish maqsadida rejali cheklovlar oʻrnatishni taqozo etmoqda.

 

“Bizning vazifamiz – odamlarimizni xonadonida gaz bilan taʼminlash, shuningdek, tabiiy gaz yordamida issiqlik elektr stansiyalarida elektr energiya ishlab chiqarib, elektr energiya yetkazib berishdir.

 

Toʻgʻri, eʼtirozlar bor. Hammaga ham yetib bormayapti, juda koʻp oʻchishlar boʻlyapti. Biz buni tan olamiz, hech kim inkor etmayapti. Shu ob-havo sharoitida rejali cheklovlar kiritgan holda vaziyatdan chiqib ketmasak, ertaga bundan-da jiddiyroq talafot boʻlishi mumkin. Shuning uchun bunday keskin choralar koʻrishga majburmiz”, –deydi vazir.

 

Joʻrabek Mirzamahmudov Fargʻonaning Oʻzbekiston tumanidagi “Shoʻrsuv sement” nomli sement zavodi ishchilarining internetda tarqalgan jamoaviy murojaatiga ham munosabat bildirdi. Murojaatda xodimlar zavod gazdan uzilgani sababli ishsiz va daromadsiz qolishganini aytishgandi.

 

“Fargʻonadagi holatga keladigan boʻlsak, yana bir bor taʼkidlab oʻtamiz, boshqa alternativ yoqilgʻida ishlashi mumkin boʻlgan barcha obyektlar havo keskin shunaqa paytda tarmoqdan uziladi. Bu yerda biroz boʻrttirib gapirilgan, 10 ming ishchi ishsiz qolyapti deb. Bu sement ishlab chiqarish korxonasining 10 ming emas, yuzdan sal oshiqroq ishchilari boʻlgan.

 

Hamma biladiki, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bor, gʻisht zavodlari, yangidan qurilayotgan sement zavodlar barchasi koʻmir, yaʼni alternativ yoqilgʻida ishlashi kerak. Hozir bu zavodni tabiiy gazga kim ulagan, kim ruxsat bergan, buni alohida oʻrganib chiqamiz. Lekin korxona rahbarlari shartnoma shartlariga koʻra vaqtida ogohlantirilgan. Ishchilar bilan tegishli targʻibot ishlarini olib borishi kerak edi”, – dedi Mirzamahmudov.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish