Buxoroda bir oilaning besh aʼzosi is gazi sabab vafot etdi

Saqlash
15:12 / 06.12.2022 877 0

Buxoro viloyati Jondor tumanida bir oilaning barcha aʼzosi is gazidan zaharlanib vafot etdi.

 

Viloyat prokuraturasi bergan maʼlumotga koʻra, joriy yilning 5-dekabr kuni soat 15:25larda Jondor tumanidagi “Oxshix” mahalla fuqarolar yigʻini, Oxshix qishlogʻida yashovchi 1986-yilda tugʻilgan N.U.ning xonadonida tunda sodir boʻlgan yongʻin natijasida kelib chiqqan is gazidan oʻtkir zaharlangan xonadon sohibi N.U. va uning turmush oʻrtogʻi 1988-yilda tugʻilgan N.T. hamda farzandlari 2011-yilda tugʻilgan N.O., 2015-yilda tugʻilgan M.O. va 2020-yilda tugʻilgan S.O.lar vafot etgan.

 

Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari Mirjon Fayzullayevning maʼlum qilishicha, oila uyni isitishda elektr pechkadan foydalangan. Bundan tashqari, xonadon suv isitish batareyalari (otopleniye)ga ulangan boʻlgan.

 

“Birlamchi taxminga koʻra, xonadonda elektr pechning nosozligi tufayli chaqnash yuzaga kelib, uchqun koʻrpalarga sachragan. Bir nechta paxtali koʻrpalarning tutab yonishi oqibatida fojea yuzaga kelgan. Tergov-surishtiruv hamda ekspertiza jarayonlarida holat toʻgʻrisida batafsil maʼlumot beramiz”, deydi Mirjon Fayzulloyev.

 

Ushbu holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan JKning 259-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari boshlangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish